Unda Estoniya, Boltiqboʻyi davlatlari va Yevropaning keng jamoatchiligi orasida oʻzbek kinosini ommalashtirish istiqbollari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Tatyana Myulbayer Oʻzbekiston rahbarining yangi “Ipak yoʻli durdonasi” nomi ostida dunyoga mashhur Toshkent kinofestivalini qayta tiklash tashabbusini eʼtirof etdi. U mustaqil Oʻzbekiston milliy kinosi targʻibotiga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanligini bildirdi. U qoʻshma loyihalar mavzusiga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston, Estoniya va Yaponiya kino ijodkorlari tomonidan hamkorlikda suratga olingan “Ipak torlari” (2021) filmini alohida qayd etdi. Ushbu yangi filmning premyerasi 2021-yil sentyabr-oktyabr oylarida oʻtkazilgan Toshkent xalqaro festivali doirasida boʻlib oʻtgan edi.

Uchrashuv yakunida kinematografiya sohasida Oʻzbekiston-Estoniya hamkorligining huquqiy asoslarini tartibga soluvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish, “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” (rejissyor Yolqin Toʻychiyev) va “Ipak torlari” (rejissyor Akbar Bekturdiyev va Tatyana Myulbayer) filmlarini joriy yilning 31-may - 4-iyun kunlari Tallinda boʻlib oʻtadigan Bahorgi milliy kino kunlari dasturiga kiritish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Qayd etish joizki, Tatyana Myulbayer Toshkent viloyatida voyaga yetgan. Oʻzbekistonda taʼlim olgan, 1986-yilda Hujjatli filmlar studiyasida ishlagan. Oʻzbekistonlik kinoijodkorlar bilan uzoq muddatli ish tajribasiga ega. Jumladan, uning koʻmagida 2009-yili Tallinda oʻzbek kinosi ijodkorlari ishtirokida Oʻzbekiston kinosi kunlari oʻtkazilgan edi.