Inson organizmining foydali elementlarga bo'lgan talabini qondirishda baliq mahsulotlarining o'rni beqiyos. Tez hazm bo'luvchi va parhezbop mahsulotga bo'lgan talab, ayniqsa, so'nggi yillarda — sog'lom ovqatlanish masalasi kun tartibiga chiqib borayotgan davrda yanada oshib bormoqda. Yurtimizda mavjud talabni qondirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko'lami ham oz emas. Birgina joriy yilning 9 oyi davomida mamlakatimizda 140 ming tonnadan ko'proq baliq etishtirilgan bo'lib, o'tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli o'sish kuzatilgan.
Bozorlarda baliqlar turi, soni va sifati ham oshib boryapti. Avvallari xo'jaliklarda oq va chipor do'ngpeshona, karp singari baliqlarning ayrim turlarigina sanoat darajasida etishtirilgan bo'lsa, keyingi yillarda xorijdan import qilinadigan forel, losos va Afrika laqqasi kabi turlarni o'zimizda ko'paytirish boshlandi. Hududlarda sun'iy ko'llar, baliqchilik xo'jaliklari soni ortib, tarmoqqa yangicha texnologiyalar kirib kelmoqda. Innovatsion usullarda baliq yetishtirish ommalashyapti.
Ushbu jarayonlarning ilmiy asoslarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarini ishlab chiqish esa Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti zimmasida. Bu erda olimlar istiqbolli yangi turlarni o'rganib, yurtimiz sharoitiga moslashtirish, boshqacha aytganda, mahalliylashtirish, ozuqa bazalarini yaratish bo'yicha doimiy izlanishda.
Ana shunday tadqiqotlarning biri o'n yildan oshiq davom etdi. 2009-yilda institutga chavoq holatida olib kelingan qimmatbaho baliq turlaridan biri — sibir osyo'trini mahalliylashtirish ishlari oson kechmadi. Uzoq vaqt izlanish va tajribalardan so'ng, nihoyat, osyo'tr balig'ini O'zbekiston iqlimiga to'liq moslashtirishga erishildi. Yangi turni mahalliy sharoitda sun'iy ko'paytirishning ilmiy asoslari yaratilib, oziqlantirish va o'stirishning biologik hamda texnologik tamoyillari o'zlashtirildi. Hatto, baliq urug'laridan chavoq etishtirish yo'lga qo'yildi.
— Sibir osyo'tri yurtimiz mahalliy ixtiofaunasida mavjud bo'lmagan, mutlaqo yangi tur sanaladi, — deydi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abdulla Qurbonov. — U osyotr baliqlari oilasiga mansub bo'lib, asosan, Sibir atrofidagi, Ob va Yenisey daryolarida uchraydi. Asrlar davomida o'sha hudud va o'sha iqlimdagi suvga moslashgan endemik tur hisoblanadi. Shu bois o'zi yashab turgan hududdan boshqa joyga olib borilganda, foydali ko'rsatkichlarini yetarlicha namoyon qila olmasligi mumkin. Ya'ni, ularning yashab qolishi, ko'payishi, ozuqa hazm qilishi bevosita o'zlari o'rgangan suv muhitiga moslashgan bo'ladi. Masalan, Sibirdagi daryolarda suv harorati, gidrokimyoviy holati, mavjud ozuqa bazasi boshqacha bo'lgani sababli u yerdagi baliqlar yashash tarzi ham shunga yarasha. Ushbu baliqlar reproduktiv xususiyatlarini saqlab qolishi uchun qulay muhit yaratib berilishi kerak. Vaholanki, bizning iqlim sovuq hududlarnikidan farq qiladi. Yoz oylari issiq, qishda esa suv deyarli muzlab qoladi. Shu bois, osyotr balig'ini mutlaqo yangi hududga olib kelib boqish oson kechmadi va bu tadqiqotlarning uzoq davom etishiga sabab bo'ldi.
To'liq mahalliylashtirilgan texnologiya
Ma'lumotlarga ko'ra mamlakatimizda baliqchilikni sanoat asosida rivojlantirish 1930-yillar oxirida boshlangan. O'sha vaqtda asosan mahalliy baliq turlari ovlangan. 1961-yilda esa Xitoydan oq do'ngpeshona, oq amur, targ'il do'ngpeshona kabi o'simlikxo'r baliqlar keltirilib, iqlimga moslashtirilgan. Bu baliqchilik sohasi rivojlanishiga turtki berdi.
Hozirgi kunda xo'jaliklarda etishtirilayotgan turlarning 60–70 foizi o'simlikxo'r baliqlardir. Osyo'tr iliq suvda yashab ko'payishga moslashgan baliqlar sirasiga kiradi. Ularning boshqa hududlarga moslashishi oson emas. Ammo yaxshi sharoitda tez semiradi va go'shti mazali bo'lgani sababli eng xaridorgir turlardan hisoblanadi. Dunyo bo'yicha bir yilda o'rtacha 100 ming tonnadan ziyod ushbu turdagi baliq etishtiriladi. Qirq olti mamlakat osyotr balig'ini yetishtirish bilan shug'ullanib keladi. Ular orasida Xitoy, Rossiya va uzoq Sharq mamlakatlari ancha ilg'or. O'tgan asrning 80–90-yillaridayoq jahon mamlakatlarida osyotr balig'ini mahalliylashtirish texnologiyasini ishlab chiqarish boshlangan.
Bizda esa bu baliq turi shu kungacha asosan tashqaridan olib kelingan. Mahalliy sharoitda ommaviy tarzda etishtirilmagan. Chunki osyotr yurtimiz iqlimiga moslashtirilmagan va baliq chavoqlari yetarli darajada emasdi. To'g'ri, mayda osyo'tr balig'i ayrim xususiy tadbirkorlar tomonidan kichik hajmda ko'paytirilgani ham sir emas. Ammo, bu texnologiya ommaviy tarzda yo'lga qo'yilmagan. Shuningdek, bu turdagi baliq urug'ini tashqaridan sotib olib, ko'paytirishga uringanlari ham bo'lgan. Buning uchun xorijdan mutaxassis chaqirib, sun'iy urug'lantirishga vaqt va katta mablag' talab etilardi.
Ko'p yillik tadqiqotlardan keyin olimlarimiz yaratgan yangi texnologiya esa ozuqa bazasidan tortib, sun'iy ko'paytirishgacha bo'lgan jarayonlarning barchasini mahalliy sharoitda amalga oshirishni nazarda tutadi. Hatto, bu borada mahalliy mutaxassislar tayyorlandi. Keyingi bosqichlarda joylarga chiqib, fermerlarga texnologiyani o'rgatish yo'lga qo'yiladi. Barcha hududlarda seminarlar tashkil etiladi.
Baliqlarni inkubatsiyada ko'paytirish — yangicha yondashuv
Shunday qilib, yurtimiz ixtiofaunasida yangi baliq turi paydo bo'ldi. U mintaqamiz iqlim sharoitiga moslashtirildi va sanoat usulida etishtiriladigan baliq turi yana bittaga ko'paydi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, osyo'tr xotirjamlikni yaxshi ko'radi va faol yirtqich turga kirmaydi. Ko'payish jarayonida mahalliy baliqlarning yashash sharoitiga hech qanday ta'sir ko'rsatmaydi. Aksincha, mayda organizmlarni yeyish orqali suvdagi tabiiy bazasidan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Tadqiqotning ahamiyatli tomoni, osyotrni nafaqat iqlim sharoitimizga moslashtirish, balki to'liq mahalliy imkoniyatlardan foydalangan holda oziqlantirish, ko'paytirish, sun'iy urchitish, iste'mol tovari holatiga keltirish bo'yicha to'liq sikl yaratildi. Inkubatsiya usulida sun'iy ko'paytirish orqali urug' hamda chavoqlarini olishga ham erishildi. Institutning “Akvakulturalardagi yangi texnologiyalar” laboratoriyasidagi yopiq aylanma suv ta'minoti tizimida sun'iy urchitishning optimal texnologiyasi ishlab chiqildi.
— Mahalliy sharoitdagi aksariyat baliqlarimiz odatda may–iyun` oylarida ko'payadi, — deydi A.Qurbonov. — Sababi, ular biologik jihatdan suv harorati 18–20 darajadan oshgandagina tabiiy ko'payish bosqichiga o'tadi. Tabiiy ko'llarimizdagi suv harorati ham ayni shu paytga kelganda oshadi, shu bilan birga ozuqa bazasi paydo bo'ladi va shakllanadi. Lekin osyotr balig'ining ko'payishi uchun biroz boshqacharoq sharoit kerak. Buning uchun sun'iy suv havzasidagi harorat 4–5 darajaga tushirilib, shu holatda ma'lum vaqt ushlab turiladi, keyin bir necha kun davomida o'rtacha 14 gradusgacha etkazib olinishi zarur. Bizning iqlim sharoitimizda bu anchagina murakkab jarayon. Bizning iqlim sharoitimizda bu anchagina murakkab jarayon. Chunki suv haroratini birdaniga oshirib yoki tushirib yuborish imkoni deyarli yo'q va bu salbiy natijalarga olib keladi. Shu bois, biz yopiq aylanma tizim yaratish orqali osyo'trni sun'iy ko'paytirishning texnologik jarayonini ishlab chiqdik. Bunda birinchi galda suv harorati tekshirilib, ma'lum darajaga tushiriladi, so'ng baliq urug'i olinadi va suv harorati asta-sekin ko'tarib boriladi. Hozirda mavjud ona baliqlardan ikkinchi va uchinchi nasllarini ham O'zbekiston sharoitida yetishtirishga erishildi.
Ona baliq qornidan chiqqan urug' 2—5 kun davomida maxsus apparatlarda inkubatsiya qilinadi va shu urug'lardan lichinka ochib chiqadi. Vaqt o'tgan sari u kattalashib, chavoq holatiga keladi. Chavoqlar kattalashgach esa tovar baliqqa aylanadi. Ularning og'irligi 5—10 kilogrammgacha boradi. Kattagina ona baliqlardan to'ldiruvchi to'dalar, ulardan esa ona baliq to'dalari shakllantiriladi. Umuman, bu uzoq davom etuvchi jarayon bo'lib, urg'ochi baliqlarni shakllantirish uchun 8–10 yil vaqt talab etilarkan.
Ammo intensiv akvakulturada baliq tovar mahsulotga aylanishi uchun 2 yil yetarli. Urug'likdan olinadigan chavoqlar esa bir necha oyda sotuvga tayyor bo'ladi. Yaxshi sharoitda parvarishlangan baliq umumiy vaznining 15—20 foizini urug'i tashkil etadi. Bu taxminin 70 mingdan 800 ming donagacha baliq urug'i degani. Suv yaxshi almashlab turilsa va kislorodga boy bo'lsa, 1 metr kub maydonda 25—30 kilogramm baliq yetishtirish mumkin.
Go'shti, ikrasi, hatto, terisi ham xaridorgir
Aslini olganda, baliqchilik qishloq xo'jaligining eng serdaromad sohalaridan biri bo'lib, katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Hatto, 2022-yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili, deb e'lon qilingan. Ma'lumotlarga ko'ra, dunyo bo'yicha har yili dengiz va okeanlardan bir necha o'n million tonna baliq ovlanadi. Ularning bir qismi to'g'ridan-to'g'ri taom sifatida ishlatilsa, qolgani qayta ishlanib, tuzlangan, dudlangan, muzlatilgan yoki konserva holida iste'mol qilinadi. Baliqlardan qimmatbaho baliq moyi va baliq uni kabi mahsulotlar tayyorlash ham ommalashgan.
Osyo'tr balig'i kattagina bo'lgani bois, uni qayta ishlash imkoniyati yuqori. Yurtimizda baliqchilik sohasi rivojlanib borayotanini hisobga olsak, buni yo'lga qo'yish uchun imkoniyatlarimiz etarli. Davlatimiz rahbarining 2022-yil 13-yanvardagi “Baliqchilik tarmog'ini yanada rivojlantirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan ham sohadagi tadbirkorlar uchun bir qator imtiyozlar berilgan.
Hozircha, osyo'tr yetishtirishni yo'lga qo'yadigan fermerlar baliq go'shtini mahalliy bozordan tashqari xorijga ham eksport qilishi mumkin. Ayniqsa, osyo'tr balig'idan olinadigan qora ikra jahon bozorida qimmatbaho hisoblanadi, tansiq yegulik sifatida tanovul qilinadi.
Ayrim davlatlarda esa osyotr balig'ining terisidan charm sifatida ham foydalaniladi. Baliqning tangachalari bo'lmagan, chiroyli terisidan asosan ayollar sumkalari tikiladi. Kelgusida yurtimizda bu yo'nalishda ham ishlab chiqarishni yo'lga qo'yib, hududlarda yangi ish o'rinlari yaratish mumkin.
Baliqchilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari keyingi bosqichlarda bu yo'nalishlar ustida ham ish olib bormoqchi. Hozir esa yangi texnologiya asosida 10 000 donadan ko'proq baliq lichinkalari etishtirildi. Yetishtirilgan chavoqlarning hududlar iqlim sharoitiga moslashishi bo'yicha Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi ochiq havzalarda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Qolaversa, osyo'tr balig'i chavoqlari dastlab Tojikistonga eksport qilina boshlandi. Joriy yil avgust oyida imzolangan shartnoma asosida institutda sun'iy usulda ko'paytirilgan osyotr baliqlarining 1000 dona chavog'i qo'shni davlatning “Akva Pors” korxonasiga yetkazib berildi. Mutaxassislarning aytishicha, mazkur baliq turlari Tojikiston baliqchilik tarmog'i uchun yangi obyekt hisoblanadi.
Yaqin yillarda osyo'tr balig'ini yetishtirishni ommalashtirish baliqchilik sohasida yangi yo'nalishga aylanishi kutilmoqda. Texnologiya hududlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar soni ortishi, aholiga arzon va sifatli baliq mahsulotlari yetkazib berish hamda eksportbop mahsulotlar turini kengaytirishga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 27.10.22-yil, 220-sonida e'lon qilingan)