◾️Joriy yilning yanvar oyidagi real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasida:
▫️oshiruvchi omillar: savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslari oʻzgarishi – 3,1 foiz band, ichki inflyatsiya – 0,9 foiz band, soʻm almashuv kursi – 0,3 foiz band;
▫️pasaytiruvchi omil: savdo-hamkor davlatlar inflyatsiyasi – 3,5 foiz bandni tashkil etdi.
Savdo-hamkor davlatlar valyutalari kursi yanvar oyi davomida AQSH dollariga nisbatan turlicha dinamikani namoyon etdi:
- Rossiya rubli 3,4 foizga (74,8 dan 77,3 ga) qadrsizlandi. Bu Rossiya va Gʻarb davlatlari oʻrtasida geosiyosiy masalalarda konsensusga erishilmayotgani va yuqori noaniqliklar bilan izohlanadi.
- Qozogʻiston tengesi neft narxining oʻsishi fonida biroz (0,07 foizga) mustahkamlandi.
- Turk lirasi 2022-yil yanvar oyi davomida tebranish bilan shakllanib, biroz mustahkamlandi. Bunga oʻtgan yil dekabr oyida amalga oshirilgan katta hajmdagi intervensiyalar va Turkiya hukumati tomonidan milliy valyutani qoʻllab-quvvatlovchi chora tadbirlar asosiy hissa qoʻshdi.
- Xitoy yuani yanvar oyi davomida kichik tebranishlar bilan shakllanib, oʻtgan oyga nisbatan deyarli oʻzgarmadi.
2022-yil yanvar oyida ham asosiy savdo-hamkor davlatlarning deyarli barchasida inflyatsiya koʻrsatkichi oʻsishda davom etdi:
- Rossiyada oylik inflyatsiya 1,07 foizni tashkil etib, yillik hisobda 8,8 foizdan oshdi (28-yanvar holatiga koʻra). Aholining inflyatsion kutilmalari esa joriy yil yanvar oyida 13,7 foizga 3 tushdi (2021-yil dekabr oyida 14,8 foizni tashkil etgan). Sezilgan inflyatsiya darajasi ham 17,7 foizdan 16,7 foizga pasaydi. Rossiya Markaziy banki taʼkidlashicha, yanvar oyida asosiy oziq-ovqat tovarlarning narxlari oʻsishining sekinlashishi inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya darajasining pasayishiga olib kelgan.
- Qozogʻistonda oylik inflyatsiya darajasi 0,7 foizni tashkil etib, yillik inflyatsiya koʻrsatkichi 8,5 foizga yetdi. Bunga, asosan, xizmatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishi hissa qoʻshgan. Xizmatlar yanvar oyida 0,6 foizga oʻsib, yillik hisobda 6,8 foizda shakllandi. Nooziq-ovqat inflyatsiyasi esa oylik 0,3 foiz va yillik 8,5 foizni tashkil etdi. Bunda energiya resurslar va avtomobillar narxining oshishi inflyatsiyaning tezlashishiga hissa qoʻshmoqda. Oziq-ovqat inflyatsiyasi esa oylik 0,1 foizda shakllanib, nisbatan barqaror boʻldi.
- Turkiyada oylik inflyatsiya koʻrsatkichi 11,1 foizni tashkil etib, yillik hisobda 48,7 foizga yetdi. Shuningdek, mamlakatda ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi oylik hisobda deyarli 10,5 foizga oʻsib, yillik 93,5 foizgacha koʻtarildi.
2022-yilning 1-yanvar sanasidan Turkiyada mamlakat boʻylab elektr va tabiiy gaz tariflari oshirilishi, shuningdek, import narxlari hisobiga inflyatsiya koʻrsatkichi yuqori darajada shakllandi.