Bu yil mamlakatimiz boʻylab Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi keng nishonlanadi. Eng ulugʻ va eng aziz bayram arafasida mustaqil Oʻzbekistonning istiqlol yillarida turli sohalarda erishilgan yutuqlari ifoda etilgan turkum kinosolnomalar va hujjatli filmlar tayyorlanishi rejalashtirilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad – yutuqlar oʻz-oʻzidan kelmayotganligi, unga qancha zahmatlar chekib, mashaqqatli mehnatlar natijasida erishilayotgani hamda buning ortida kimlar turganini xalqqa yetkazishdan iborat.

Shu maqsadda oʻzbek sportining yorqin gʻalabalari aks etgan hujjatli film tayyorlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi rahbariyati ishtirokidagi oʻtkazilgan onlayn yigʻilishida taʼkidlandi.

Yigʻilishda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, vazir oʻrinbosari Nodir Murotov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek vazirlik va qoʻmitaning boshqarma boshliqlari ishtirok etdi. Suhbatda 2021-yil yurtimizda boʻlib oʻtishi kutilayotgan xalqaro musobaqalar, ularning tashkiliy masalalari, yil davomida soha oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarish rejalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, yigʻilish davomida yaqin orada oʻtkazilishi kutilayotgan dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” turniri, “Navroʻz” xalqaro marafoni, professional bokschimiz Murodjon Ahmadaliyevning chempionlik kamarlarini himoya qiluvchi jangiga puxta tayyorgarlik koʻrish, ular doirasida xalqaro sport tashkilotlari rahbariyatini ham yurtimizga taklif qilib, oʻzaro hamkorlik aloqalarni yana-da mustahkamlash borasida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.