Sirdaryo viloyatidagi ayrim rahbarlar diktantdan qoniqarsiz baho oldi

    Sirdaryoda viloyatida shu yilning 17-aprel kuni boʻlib oʻtgan hokimlik soatida ayrim oʻrinbosarlarning kirill alifbosida ish olib borilayotgani, hujjatlarda imloviy, ishoraviy va uslubiy xatolar mavjudligi tadqid qilindi.

    Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-sonli «Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritish va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va eʼlon qilish toʻliq joriy etilgan.

    Ushbu qaror ijrosi Sirdaryoda qay darajada bajarilayotgani viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida 17-aprel kuni oʻtkazilgan hokimlik soatida muhokama qilingan.

    Viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida viloyat mahallalar uyushmasi, soliq, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va moliya boshqarmalari, ayrim tijorat banklari hamda yoʻllardan muntazam foydalanish korxonalarida ushbu qaror ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani aniqlangan.

    Erkinjon Turdimov davlat idoralarida faoliyat koʻrsatayotgan rahbar xodimlarning savodxonlik darajalarini oshirish, reklama vositalari birinchi navbatda lotin yozuvi asosida yozilgan boʻlishi kerakligini aytib oʻtgan.

    Davlat idoralarining rahbar xodimlaridan savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida diktant olinganda Sogʻliqni saqlash boshqarmasining 9 nafar xodimidan 6 nafari, viloyat “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 5 nafar xodimidan 4 nafari, “Oʻztelekom” AJ Sirdaryo filialining 10 nafar xodimidan 7 nafari, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ viloyat filialining 8 nafar rahbar xodimidan 4 nafari qoniqarsiz baho olgan.

    Ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi. Savodxonlikni oshirish, rahbar kadrlarni bosqichma-bosqich davlat tilida ish yuritish asoslariga oʻqitish va ularni malaka oshirish markazlariga kurslarga jalb etish belgilandi.

    Ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi. Savodxonlikni oshirish, rahbar kadrlarni bosqichma-bosqich davlat tilida ish yuritish asoslariga oʻqitish va ularni malaka oshirish markazlariga kurslarga jalb etish belgilandi.