Hozirgi kunda 19-20 jildlari nashrdan chiqish arafasida.
Ushbu nashrning 59 jildi dostonlar, 10 jildi xalq qoʼshiqlari, 12 jildi ertaklar, qolgan jildlar esa terma, afsona, rivoyat, marsiya, naql, maqol, topishmoq, askiya, lof, latifa, ogʼzaki drama, bolalar folklori va boshqa janrlarni oʼz ichiga oladi.
Ushbu muhtasham jamlanmaga oʼzbek folkloriga oid rang-barang janrlardan iborat eng sara namunalar kiritiladi. Asrlarni dogʼda qoldirgan boy madaniy merosimizning yozma shaklini kelajak avlodga yetkazish maʼsuliyati ostida bugungi kunda OʼzR FA Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti “Folklor” boʼlimi ilmiy xodimlari izchil ish olib bormoqda.
Umid qilamizki, koʼplab ustoz olimlarning mehnati singayotgan, oʼzbek folklorshunosligi tarixida ilk bor nashrga tayyorlanayotgan ushbu 100 jildlik nashr keng kitobxonlar ommasiga manzur boʼladi. Va yana ming asrlar davomida kelajak avlod tarixiy qadriyatlarimiz, oʼlmas maʼnaviyatimiz haqida toʼla tasavvur va bilimga ega boʼlishiga muhim manba boʼlib xizmat qiladi.