Muzokaralar chogʻida siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va transport sohalaridagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Kun tartibining asosiy mavzusi “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasi hamda uni roʻyobga chiqarishning amaliy jihatlari boʻldi. Tomonlar dala tadqiqotlarini oʻtkazish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, loyihani moliyalashtirish masalalarini muhokama etib, ularning har biri boʻyicha oʻzaro maqbul yechimlarni ishlab chiqdi. Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida yuqori darajadagi uch tomonlama ishchi guruh yigʻilishi chogʻida erishilgan kelishuvlarning ijrosini tezlashtirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Shu bilan birga, tomonlar aprel-may oylarida Afgʻoniston hududi orqali Pokistondan Oʻzbekistonga va teskari yoʻnalishda amalga oshirilgan pilot avtomobil qatnovining muvaffaqiyatini olqishladi. Ular ikki mamlakatning transport va tranzit salohiyatini yana-da rivojlantirish uchun ushbu yoʻnalishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Sanoat kooperatsiyani rivojlantirishga urgʻu bergan holda ikki mamlakat oʻrtasidagi investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish borasidagi ishlarni jadallashtirishning dolzarbligi alohida taʼkidlandi. Bu borada yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish qishloq xoʻjaligi, charm-poyabzal va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab ishlab chiqarish sanoati eng istiqbolli yoʻnalishlar deb topildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama etildi. Oʻtgan toʻrt yil mobaynida oʻzaro savdo hajmi bir yarim barobarga koʻpayib, oʻtgan yil yakunlariga koʻra qariyb 800 million dollarni tashkil etgani taʼkidlandi. Tomonlar Oʻzbekiston — Afgʻoniston savdo aylanmasining yaqin yillarda 2 milliard dollar darajasiga oʻsishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi. Savdo hamkorligini faollashtirish uchun ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini joriy yil oxirigacha imzolash maqsadida uning borasida kelishishni tezlashtirishga qaror qilindi.
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasining ishga solinmagan ulkan imkoniyatlari ham qayd etildi. Tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlarini ushbu savdo maydonning resurslari va salohiyatidan foydalangan holda, hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga jalb etish qoʻshma chora-tadbirlarini qisqa muddatlarda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar zarur loyiha hujjatlarini tayyorlash boʻyicha amaliy kooperatsiya qilish yoʻllarini muhokama qildilar va qurilish ishlarini boshlash boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgiladilar.
Sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollariga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, tomonlar ikkala mamlakat mahalliy aholiga keng koʻlamli tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida ikkala davlat chegara hududlarida yuqori texnologik uskunalar va zarur dori-darmonlar bilan jihozlangan zamonaviy tibbiyot markazlarini tashkil etishga oʻzaro qiziqish bildirdi.
Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida Qobul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikning muhokama etilgan yoʻnalishlari doirasida qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha keyingi saʼy-harakatlar toʻgʻrisida kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.