Matbuot anjumanini Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Markaziy bank vakillari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Anjumanga «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov olib bordi.
U so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida salmoqli yutuqlarga erishilgani, biroq hayotning o‘zi yangi talab va chaqiriqlarni kun tartibiga qo‘yayotganini ta'kidladi. Shu bois «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini mavjud real sharoit, jamiyat ehtiyojlari va global tendensiyalarni inobatga olgan holda takomillashtirish zarurligini qayd etdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Abdulla Hoshimov yangilanayotgan strategiya loyihasida vazirlikka tegishli maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma'lumot berdi.
Uning ta'kidlashicha, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida:
· asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar hajmini yillik o‘rtacha 5–7 foizga oshirish;
· xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini har yili kamida 7 foizga ko‘paytirish;
· umumiy qiymati 150 milliard dollar bo‘lgan 400 tadan ortiq strategik texnologik va infratuzilmaviy loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
— 2030 yilga borib O‘zbekiston jahon bozorida tayyor mahsulot yetkazib beruvchi yetakchi davlatlardan biriga aylanishi kerak. Shu maqsadda eksport hajmini 67 mmllmard dollarga yetkazishni rejalashtiryapmiz. 2026 yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 40 milliard dollar bo‘lishi kerak, — dedi A.Hoshimov.
Shuningdek, eksportda:
· xalqaro standartlar joriy etilgan korxonalar soni 5 mingtaga yetkaziladi;
· tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi 70 foizgacha oshiriladi;
· GSP+ tizimi doirasida yevropa davlatlariga eksport kengaytiriladi;
· milliy brendlarni tashqi bozorga olib chiquvchi 200 ta eksportchi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi.
Ma'lum bo‘lishicha, bugunga qadar «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan 27 ta korxona brend va savdo belgisiga ega bo‘lgan, 257 ta korxona xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishi uchun 19,3 millard so‘m moliyaviy yordam olgan.
Yangi strategiyada qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini 2 baravar, mebel sanoatida esa ishlab chiqarish quvvatlarini 3 baravar oshirish vazifalari ilk bor kiritilyapti.
Hozirda mamlakatda:
· 9 800 dan ortiq qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona,
· 5 700 dan ziyod mebel va sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Ibrohim Qosimxo‘jaev strategiya loyihasida 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravarga oshirish hamda O‘zbekistonni daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritish maqsadi belgilanganini ma'lum qildi.
Strategiya doirasida:
· YaIM hajmini 240 milliard dollarga yetkazish;
· aholi jon boshiga daromadni 5 ming dollardan oshirish;
· davlat qarzining YaIMga nisbatini 50 foizdan oshirmaslik rejalashtirilgan.
Markaziy bank departament direktori Ravshanbek Qodirov bank va moliya tizimida raqobatni kuchaytirish va xizmatlar bozorini kengaytirish bo‘yicha rejalarni taqdim etdi.
Uning aytishicha, 2030 yilga qadar:
· yillik inflyasiya 5–6 foiz darajasida barqarorlashtiriladi;
· kreditlash hajmi 720 trln so‘mga yetkaziladi;
· depozitlar qoldig‘i 560 trln so‘m bo‘ladi;
· davlat banklari aktivlari ulushi 55 foizgacha qisqartiriladi.
Matbuot anjumanida taqdim etilgan ma'lumotlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yangi tahrirda mamlakat iqtisodiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganini ko‘rsatdi. Eksport hajmini oshirish, yirik xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sanoat quvvatlarini kengaytirish va bank tizimida barqarorlikni ta'minlash orqali O‘zbekistonni raqobatbardosh, ochiq va investitsiyaviy jozibador davlatga aylantirish maqsad qilinmoqda.
Matbuot anjumani qizg‘in savol-javob tarzida bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, OAV vakillari tomonidan bildirilgan takliflar strategiya loyihasini keng jamoatchilik muhokamasi asosida yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi mutuxassislar tomonidan ta'kidlandi.
Zulxumor Akbarova