Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash;
  • “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishilishini monitoring qilish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish.

Raqamli platformada “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga erishilishi holati quyidagi toifalarga ajratiladi:

  • “yashil” – belgilangan samaradorlik koʻrsatkichiga oʻz vaqtida va toʻliq erishilgan;
  • “sariq” – belgilangan samaradorlik koʻrsatkichiga erishishda kechikishlar mavjud, biroq ularni bartaraf etish imkoni bor;
  • “qizil” – samaradorlik koʻrsatkichiga erishishda jiddiy kechikishlar mavjud yoki ularga umuman erishilmagan.

Bunda:

  • “yashil” toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlariga masʼul idoralar ragʻbatlantiriladi;
  • “sariq” toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishda mavjud kechikishlar sabablari tahlil qilinadi hamda ularni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoraga zarur choralarni koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar beriladi;
  • “qizil” toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlariga masʼul idoralar faoliyati Vazirlar Mahkamasi Rayosatida tanqidiy koʻrib chiqiladi.