Bugun Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Henik hamda USAIDning yurtimizdagi missiyasi vakillari bilan muloqot oʻtkazdi. Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda tibbiyot sohasida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston AQSHning koronavirus pandemiyasi davrida koʻrsatayotgan amaliy koʻmagidan minnatdor. Xususan, COVID-19ga qarshi kurash uchun COVAX dasturi doirasida yetkazib berilgan vaksinalar mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va aholi salomatligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu bilan birga, keyingi yillarda yurtimizda USAID grantlari asosida roʻyobga chiqarilayotgan qator loyihalar tibbiyot sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirish imkonini bermoqda.
Masalan, mamlakatimizda sil va oʻpka kasalliklarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini maxsus tibbiy uskunalar bilan jihozlash, OIV, gepatit B va S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologiya va tibbiyotning boshqa qator yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik aloqalari mustahkamlanyapti.
Uchrashuvda kelgusida tibbiy taʼlimni rivojlantirish, xususan, AQSHdagi tibbiyot universitetlari bilan mamlakatimizdagi sohaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, shifokor va hamshiralar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni roʻyobga chiqarish istiqbollari yuzasidan kelishib olindi.