Oʻzbekiston – YEOTB: yaqinlashish sari yana bir qadam

    Investitsiyalar 24 Iyun 2021 356

    Moskva shahrida boʻlib turishi vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi N.Podguzov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv chogʻida Bank resurslarini Oʻzbekistonda investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirishga jalb etish maqsadida u bilan hamkorlikni kengaytirishga oid joriy masalalar va istiqbollar muhokama qilindi.

    Tomonlar Bank tarafidan moliyalashtirish uchun eng istiqbolli investitsiya loyihalarini oʻrganishga va tegishli tayyorgarlik ishlarini birgalikda olib borishga kelishib oldilar. Shuningdek, gidroenergetika, infratuzilmaviy qurilish va transport sohalarida mintaqaviy ahamiyatga molik yirik loyihalarni amalga oshirishda YEOTB ishtirokining istiqbollari muhokama qilindi.

    Bu yoʻnalishlarda amaliy ishlarni tashkil etish uchun tomonlar joriy yil oxirigacha Oʻzbekistonda YEOTB vakolatxonasini ochish imkoniyatini koʻrib chiqadilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.