Uchrashuv chogʻida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik boʻyicha kun tartibidagi dolzarb masalalar hamda uni yana-da kengaytirish yoʻllari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarda aniq raqamlarda ifodalangan ijobiy tendensiyalar kuzatildi. Masalan, 2020-yilda nemis investitsiyalari hajmi 25 foizga oʻsib, 700 million dollardan oshdi va Germaniyaga eksport hajmi 17 foizga koʻpaydi.

Bundan tashqari, GFR hukumati va ishbilarmon doiralarining hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash va belgilash orqali Oʻzbekiston bilan munosabatlarni kengaytirish borasidagi qiziqishi yuqoriligi alohida taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan ikki mamlakat biznes vakillarini bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish dolzarbligi haqida yakdil fikrga kelindi. Shu munosabat bilan joriy yilning mart oyida Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qoʻmitasi bilan hamkorlikda yetakchi nemis kompaniyalari ishtirokida virtual davra suhbati tashkil etishga kelishib olindi. Tadbirning maqsadi yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat boʻladi.

Bundan tashqari, joriy yilda Bavariyada “Oʻzbekiston iqtisodiyoti kunlari” va Oʻzbekistonda “Bavariya iqtisodiyoti kunlari”ni hamda Oʻzbekiston – Germaniya Ishbilarmon kengashining 5-yigʻilishini oʻtkazish bilan bogʻliq qator tashkiliy masalalar yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi.

Kun tartibida Oʻzbekiston – Germaniya savdo aylanmasi hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish mexanizmlari alohida oʻrin egalladi. Tomonlarning umumiy fikriga koʻra, Oʻzbekistonning “Import Promotion Desk” Germaniya importchilari portaliga qoʻshilishi, Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi benefitsiar maqomini olishi va Respublikaning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga aʼzo boʻlishi bunga sezilarli turtki boʻladi. Diplomatik missiya rahbari Germaniya hukumatining ushbu tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda Oʻzbekistonga har tomonlama koʻmak berishga sodiqligini bildirdi.

Mahalliy mahsulotlarni GFR bozoriga chiqarish, shuningdek, barqaror hamkorlik aloqalarini kuchaytirish maqsadida yirik nemis toʻqimachilik brendlari va oʻzbek ishlab chiqaruvchilari ishtirokida videokonferensiya tashkil etish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.

Oʻz navbatida, moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari muhokama qilindi: tomonlar Germaniya Hukumatining jalb etilgan grant va kredit mablagʻlari hisobiga ilgari kelishilgan loyihalarni samarali roʻyobga chiqarishga oʻzaro qiziqish bildirdilar.

Xorijiy tomon “Mozori Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasiga ham katta qiziqish bildirdi. Muloqot chogʻida, shu jumladan, loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda germaniyalik ekspert va maslahatchilarni jalb etish orqali ushbu yoʻnalishda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalarini ilgari surish maqsadida yaqin hamda izchil hamkorlikni davom ettirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.