Shu kunlarda axborot makonidagi asosiy mavzulardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi boʻldi. Ushbu tashrifni, hech ikkilanmay, tarixiy voqea deb atash mumkin. Chunki tashrif tarixi va madaniyati chuqur mushtarak boʻlgan ikki xalq oʻrtasidagi munosabatlarda yangi va muhim sahifani ochmoqda.

 Tarix va geosiyosat chorrahasida

Pokiston oʻziga xos taqdir va ulkan sa­lohiyatga ega davlat. Bu mamlakat tarixi, shubhasiz, dunyo sivilizatsiyalarining chor­rahasini eslatadi. Asrlar davomida bu hu­dud orqali karvon yoʻllari, qoʻshinlar, din­lar va madaniyatlar uchrashgan.

1947-yili tashkil topgan Pokiston bugun nafaqat Janubiy Osiyo, balki butun musulmon olamida muhim oʻrin tutadi. Indoneziyadan keyin musulmon aholisi soni boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. Odam soni boʻyicha beshinchi oʻrinni egallagan (aholisi 240 milliondan ortiq).

Mamlakatning yalpi ichki mahsuloti hajmi 400 milliard AQSH dollaridan ziyod. Shu bi­lan u dunyodagi 40 ta yirik iqtisodiyot qato­riga kiradi hamda raqamlashtirish, “yashil” energetika va infratuzilma sohalarida katta rejalarni amalga oshirmoqda.

Eng muhimi, Pokiston Janubiy va Mar­kaziy Osiyo, Yaqin Sharq hamda Xitoy oʻrta­sida joylashgan. Muhim quruqlik va dengiz kommunikatsiyalarini nazorat qiladigan, mintaqalarni bogʻlovchi tabiiy koʻprik vazi­fasini bajaradi.

Hozirgi murakkab geosiyosiy muhitda Pokistonning mustaqil va salmoqli taʼ­sirga ega davlat sifatidagi mavqei tobora ortib bormoqda. U 2025-2026-yillar uchun BMT Xavfsizlik kengashining doimiy boʻl­magan aʼzosi. Shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT va boshqa yirik xalqaro tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda.

Bugun Pokiston shakllanayotgan koʻp qutb­li dunyo arxitekturasining muhim tayanch markazlaridan biri sifatida koʻrilmoqda.

Tarix zanjiri: Boburdan zamonaviy davrgacha

Oʻzbekiston va Pokiston haqida soʻz yuri­tar ekanmiz, xalqlarimizni bogʻlab turgan ulugʻ shaxsni eslamaslik mumkin emas. Bu buyuk ajdodimiz, mutafakkir va boburiylar saltanati asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburdir. U XIX asr oʻrtalarigacha hind subqitʼasini boshqargan qudratli sulo­laga asos soldi. Nabirasi Akbar Lahorni saltanat poytaxtlaridan biriga aylantir­di. Boburiylar davriga oid Lahor qalʼasi (Shohiqalʼa), Shalimor bogʻlari, Bad­shohiy masjidi kabi meʼmoriy durdonalar YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxa­tiga kiritilgan va Pokistonning asosiy ramzlaridandir.

“Boburnoma”ni qayta-qayta mutolaa qi­lar ekanman, Boburning hozirgi Pokiston hududiga tegishli oʻlkalar haqidagi fikrla­riga doim eʼtibor qaratardim. U bu zamin unumdorligi, suv manbalari moʻlligi, bogʻ-rogʻlar va ekinzorlar serobligi toʻgʻrisida soʻz yuritgan. Shuningdek, Panjob viloyati­ning gʻoyat obod va gavjumligi, qishloq va shaharlarning deyarli uzluksiz bir-biriga tutashib ketgani haqida ham alohida qayd etgan.

Bu fikrlar XVI asrdayoq hozirgi Pokiston hududi kuch, boylik va strategik ahamiyat markazi sifatida qabul qilinganini koʻrsa­tadi hamda nega aynan shu yerda boburiylar saltanati barpo etilganini tushuna boshlaymiz.

Bugun Bobur va sulolasi qoldirgan maʼ­naviy-maʼrifiy meros millionlab pokistonliklar qalbida yashab kelmoqda va bu ikki xalq uchun umumiy tarixiy xotira. Ana shu umumiy meros zamonaviy Oʻzbekiston — Pokiston sherikligining mustahkam poyde­voridir.

Yangi davr boshlanganini belgilovchi tashrif

Prezidentimizning 5-fevralda boshlan­gan davlat tashrifi dastlabki daqiqalardan boshlab yuksak hurmat va strategik ahamiyat muhitida oʻtdi. Bu qatʼiy diplomatik pro­tokol doirasidan ancha tashqariga chiqqan voqeaga aylandi. Aeroportda davlatimiz rahbarini Pokiston siyosiy doiralaridagi eng muhim ikki shaxs — Prezident Asif Ali Zardoriy va Bosh vazir Shahboz Sharif kutib olgani ham alohida ramziy maʼno kasb etdi. Mezbon mamlakat aziz mehmonni mana shunday kutib oldi.

Tashrif dasturi gʻoyat sermazmun va yuksak ahamiyatga ega boʻldi. U davlatimiz rahbarining “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasi qarorgohi tashri­fi hamda Pokiston Mudofaa kuchlari Bosh qoʻmondoni —Qurolli Kuchlarining qu­ruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuvdan boshlandi. Ushbu muloqot sifat jihatidan mutlaqo yangi ishonch darajasiga poydevor yaratdi: harbiy va harbiy-texnik hamkor­lik boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni tay­yorlash, mudofaa korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va kadrlarni birgalikda tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani alohida eʼtiborga loyiq. Ushbu institut ikki tomonlama munosabatlarni aniq maq­sadlar bilan tizimli va uzoq muddatli ham­korlikka yoʻl ochadi. Muzokaralar Oʻzbekiston — Pokiston hamkorligining nechogʻliq koʻp qirrali ekanini namoyon etdi. Soʻnggi 8 yilda oʻzaro savdo hajmi 12 barobar oʻsdi, Oʻzbekistonda Pokiston sarmoyasi ishtiro­kidagi 230 ta korxona faoliyat yuritmoqda, aviaqatnovlar kengaymoqda, bank va tadbir­korlik aloqalari mustahkamlanmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmini hozirgi 500 million AQSH dollaridan 2 milliard dollargacha yetkazish boʻyicha ulkan va real maqsad qoʻyildi. Bu aniq yechimlar bilan mustahkamlandi: tovarlar roʻyxatini ken­gaytirish, imtiyozli savdo, yangi fitosani­tariya ruxsatnomalari. Qiymati taxminan 3,5 milliard dollarlik qoʻshma loyihalar portfeli qishloq xoʻjaligi va farmatsevti­kadan tortib, geologiya va yengil sanoatgacha boʻlgan muhim tarmoqlarni qamrab olgan.

Transport yoʻlaklarini rivojlanti­rish alohida strategik ahamiyat kasb etadi. Muzokaralar chogʻida transafgʻon temir yoʻ­lini qurish loyihasini jadallashtirish, shuningdek, “Pokiston — Xitoy — Qirgʻi­ziston — Oʻzbekiston” transport yoʻlagini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi. Bularning barchasi mamlakatlarimizni Mar­kaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi boʻgʻinga aylantirmoqda. Butun mintaqa va undan tashqarida yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mintaqalararo aloqalar ham muhim ahamiyatga ega. Buning ifodasi sifatida mahalliy hamkor­lik uchun poydevor yaratuvchi hududlar foru­mi tashkil etildi.

Imtiyozli savdo, qishloq xoʻjaligi va raqamli texnologiyalardan tortib, yadro xavfsizligi, korrupsiya va giyohvandlik moddalari savdosiga qarshi kurashish soha­sidagi hamkorlikkacha boʻlgan koʻplab soha­larni qamrab oluvchi qoʻshma deklaratsiya hamda 30 ga yaqin muhim hujjat imzolandi.

Tashrif chogʻida Islomobod shahrida­gi koʻchalardan biriga Toshkent, yangi barpo etilayotgan boqqa Zahiriddin Muhammad Bobur nomining berilishiga bagʻishlangan marosim oʻtkazildi. Oʻzbekiston Preziden­tiga Pokistonning oliy davlat mukofoti boʻlmish “Nishoni Pokiston” ordeni, shu­ningdek, Pokiston Milliy fan va texnolo­giyalar universitetining faxriy doktori hamda professori unvonlari topshirildi.

Ishbilarmonlik dasturining choʻqqisi “PEL”, “Engro”, “Fauji”, “Pakistan Steel Mills” kabi 300 dan ortiq yetakchi kompaniya ishti­rokidagi qoʻshma biznes-forum, shuningdek, davlatimiz rahbarining Pokiston korpo­rativ tuzilmasi yetakchilari bilan alohida uchrashuvi boʻldi. Oʻzbekiston Prezidenti hamkorlik uchun aniq sohalarni taklif etdi: farmatsevtika va tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya sohasi va geologiya, oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha hamkorlikni ken­gaytirish shular jumlasidan.

Pokiston kompaniyalari Oʻzbekistonda dori-darmon, biotexnologiyalar va tibbiyot jihozlarini mahalliylashtirish loyihala­riga taklif etildi. Toshkent farmatsevtika parkida pokistonlik sarmoyadorlar uchun qulay sharoit yaratiladi. Xalqaro brendlar ostida tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish uchun katta im­koniyat mavjudligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston tomoni toʻqimachilik korxo­nalarini ishonchli boshqaruvga berish va pokistonlik hamkorlar uchun alohida charm sanoati hududlarini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi. Logistika boʻyicha aniq qadamlar belgilandi: joriy yil apreldan boshlab Karachiga yuk reyslari hamda Lahor­ga toʻgʻridan toʻgʻri yoʻlovchi parvozlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

Pokiston biz uchun nimaga muhim?

Keling, endi bu mamlakat bilan ham­korlikni mustahkamlash nima uchun bu qa­dar muhimligini tahlil qilib koʻraylik. Tashrif natijalari ikki tomonlama muno­sabatlar doirasidan ancha keng.

Birinchidan, logistika loyihalarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Pokiston portlari orqali xalqaro dengizlarga toʻgʻri­dan toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega boʻladi. Transafgʻon temir yoʻli va “Pokiston — Xi­toy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” korido­ri biz uchun strategik ahamiyatga ega. Ushbu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshiril­sa, butun Yevroosiyoning geoiqtisodiy xari­tasini oʻzgartira oladi.

Ikkinchidan, mintaqaviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan yadro quroliga ega va ar­miya soni boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinda turuvchi Pokiston bilan yaqinlashish bugun­gi beqaror dunyoda Oʻzbekistonning mavqeini mustahkamlashga muhim hissa qoʻshadi. Mudofaa sohasidagi hamda terrorizm, giyohvandlik moddalari savdosi va kiber­tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha keli­shuvlar zamonaviy muammolarga javob be­radi. Qolaversa, terrorizmga qarshi kurash xalqaro kun tartibidagi asosiy masala­lardan biri boʻlib qolmoqda. Islomobod­dagi masjidlardan birida sodir etilgan va 30 dan ortiq begunoh insonning hayotiga zomin boʻlgan terrorchilik harakati buning yaqqol tasdigʻidir.

Dunyo beqarorlik, parchalanish va av­valgi ittifoqlarni qayta koʻrib chiqish davrini boshdan kechirayotgan bugungi kunda Pokistonning masʼuliyatli min­taqaviy kuch sifatidagi mavqei alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu mamlakat Janubiy Osiyo, Afgʻoniston, Hind okeani va Islom dunyosidagi jarayonlarga sezi­larli taʼsir koʻrsatadi. Bu esa Islomobodni global muvozanatning muhim ak­toriga aylantiradi.

Prezidentimizning Pokistonga davlat tashrifi strategik gʻalaba boʻldi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda markazga intiluvchi kuch sifatida oʻzini ishonch bilan namoyon etishni davom ettirmoqda va qudratli mintaqaviy davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlamoqda.

Mamlakatlar rahbarlarining xohish-irodasi va yaqin doʻstona munosabatlari, umumiy tarixi hamda oʻzaro iqtisodiy man­faatlari bilan mustahkamlangan Oʻzbekiston — Pokiston aloqalari yangi, strategik mazmun kasb etmoqda. Bu butun mintaqamiz tinchligi, barqarorligi va farovonligi uchun xizmat qiladi.

Sherzodxon QUDRATXOʻJA,

siyosiy fanlar doktori, professor,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist