Davlatimiz Rahbarining Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli va amaliy hamkorlik ruhidagi ochiq va doʻstona aloqalarni rivojlantirish borasidagi qatʼiy siyosiy irodasi bizga yondosh keng mintaqalar bilan ham oʻzaro hamkorlik muhitiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Xususan, Pokiston Oʻzbekistonning Janubiy Osiyodagi yirik savdo-iqtisodiy va madaniy hamkori hisoblanadi.2019-yil Pekinda, iyun oyida Bishkekda ikki davlat yetakchilari oʻrtasida boʻlib oʻtgan ochiq va sermahsul muloqotlar chogʻida, hamkorlikning barcha ustuvor yoʻnalishlari batafsil muhokama qilingan edi.

Qolaversa, joriy yilning iyul oyida Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bogʻliqligi boʻyicha xalqaro konferensiyaning oʻtkazilishi, bu strategik va geosiyosiy jihatdan muhim ikki mintaqa oʻrtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlashga, hamkorlik mexanizmlarni muhokama qilib olishga xizmat qiladi.

Dunyoning yirik va qudratli davlatlaridan biri boʻlgan ushbu mamlakat yurtimizning vaqt sinovlaridan oʻtgan muhim va anʼanaviy hamkoridir. Oxirgi yillarda, pandemiya sharoitiga qaramay, chuqur tarixiy ildizlarga asoslangan Pokiston bilan aloqalarimiz jadal rivojlanib bormoqda.

Xususan, soʻnggi toʻrt yilda oʻzaro savdo hajmi uch yarim barobarga oʻsib, 2020-yilda 123 million dollarga yetgani (eksport ulushi salkam 100 million dollar boʻldi), qoʻshma korxonalar soni esa salkam 150ga yetgani fikrimizning yaqqol isbotidir.

Vaholanki, rasmiy Islomobodning Markaziy Osiyo barcha davlatlari bilan oʻzaro savdo aylanmasi umumiy hajmi qariyb 200 million dollardan oshmaganini inobatga olsak, uning mintaqamizdagi eng yirik va asosiy hamkori aynan Oʻzbekiston ekani yaqqol ayon boʻladi.

220 milliondan ortiq aholiga ega zamonaviy Pokiston Hukumati bugungi kunda sanoatni yana-da rivojlantirish, ishbilarmonlikka katta eʼtibor berish, kam taʼminlangan oilalar va yoshlarga koʻmak ajratishga, oʻz siyosatining asosiy qirralari sifatida qaramoqda.

Bosh vazir Imron Xon Hukumati murakkab pandemiya sharoitida ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga, murakkab vaziyatga tushib qolgan aholi qatlamlariga qoʻldan kelgan barcha koʻmak va yordamni koʻrsatishga salmoqli moliyaviy resurslarni ajratib kelmoqda.

14-aprel holatiga koʻra, mamlakatda 730 mingdan ortiq kishi koronavirus xastaligi bilan kasallangan boʻlib, 1-apreldan ommaviy emlash ishlari boshlab yuborilgan. Hozirgacha 1,1 million kishi emlandi. Tibbiyot xodimlari va pensiya yoshidagi shaxslarga vaksinalar bepul amalga oshirilayotgani ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Bundan tashqari, 2019-yil aprelda “Yangi Pokiston” («Naya Pokiston») dasturi hayotga tatbiq etila boshladi. Davlat-xususiy sherikligi asosida kam taʼminlangan, muhtoj va uysiz oilalarni uy-joy bilan taʼminlashga qaratilgan ushbu dasturda qatnashgan qurilish kompaniyalari mulk soligʻining 90 foizidan ozod qilinsa, banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratiladi. Hukumat dastur doirasida qurilish sektoriga 180 million dollar miqdorida subsidiyalar ajratdi.

Oʻzaro hamkorlikni kengaytirishda hududlararo aloqalar istiqbolli yoʻnalish hisoblanadi. Joriy yil fevral oyida Panjob viloyatining gubernatorining yetakchi kompaniyalar bilan Namangan viloyatiga safari va imzolangan qator manfaatli hujjatlar bu yoʻnalishda katta salohiyat borligini koʻrsatmoqda.

Yana bir eʼtiborli jihat, bu sayyohlik sohasidagi hamkorlikdir. Pokiston aholisi yurtimizdagi muqaddas qadamjolarimizga “tabarruk ziyorati”ni amalga oshirishni juda istaydi.

Misol uchun, Pokistonda Naqshbandiya tariqati keng tarqalgan boʻlib, uning vakillari bugungi kunda 10 milliondan ziyodni tashkil etmoqda. Tariqatning yirik vakillaridan biri Hosib ur-Rahmon 2020-yil sentyabrda Oʻzbekistonning Pokistondagi “turizmi elchisi” etib tayinlangan.

Ziyorat ixlosmandlari Buxorodagi yetti pir allomalari qadamjolarini, Samarqanddagi Imom Buxoriy va Moturidiy, Surxondaryodagi Imom Termiziy qadamjolarini ziyorat qilishni maʼqul koʻradilar. Ularga Oʻzbekistonda ziyoratlarini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.

Bundan tashqari, yirik transport-logistika loyihalarini birgalikda amalga oshirish, savdo va sarmoya, sanoat kooperatsiyasi, energetika, qishloq xoʻjaligi, tranzit, ilm-fan va taʼlim yoʻnalishlari ham katta istiqbollarga ega.

Hech shubhasiz, bugun oʻtkazilgan onlayn-sammit ushbu imkoniyatlarni toʻliq roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.

 

Dilafroʻz Xudoyberdiyeva,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti

Yetakchi mutaxassisi