Mazkur hamkorlik aloqalari keng ko'lamda olib borilishi rejalashtirilmoqda. Ikki ta'lim muassasasi o'rtasida professor-o'qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi tizimli yo'lga qo'yiladi. Ma'lum bir ixtisoslik ta'lim yo'nalishlari bo'yicha qo'shma o'quv dasturlarini yaratishda o'zaro tajriba almashinuv tashkil etiladi. Shuningdek, yangi dolzarb ilmiy mavzular yuzasidan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, ilmiy konferensiyalar, seminarlar hamda simpoziumlar tashkil etish ko'zda tutilayotir.

O'zaro muloqot asnosida shu kunning o'zida “Abu Nasr Farobiyning ijtimoiy-falsafiy merosi” mavzusida hamkorlikda xalqaro onlayn o'quv-mashg'uloti ham o'tkazildi. Onlayn darsni ikki ta'lim muassasa professor-o'qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar kuzatib bordi.

— Abu Nasr Farobiy jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan buyuk mutafakkirlardan biridir, — deydi falsafa fanlari nomzodi, dosent Mavluda Raximshikova. — Benazir alloma qadimgi yunon mutafakkirlari Aflotun, Arastu, Demokrit va boshqalarning falsafiy merosini puxta o'rganib, ularning asarlariga sharhlar yozdi. Va bu orqali yangi falsafiy ta'limot yaratdi. Allomaning “Fozil shahar aholisining qarashlari”, “Shaharni idora etish haqida risola”, “Shahar jamoalari haqida risola”, “Fazilat, baxt-saodat va kamolot haqida” kabi qator falsafiy xarakterga ega asarlarida ijtimoiy hayotning barcha jabhalari, jumladan, komil inson va uning axloqiy me'yorlari belgilab berildi. Shu nuqtai nazardan, buyuk bobokalonimiz butun dunyoda “Muallimi soniy”, ya'ni “Ikkinchi muallim” degan sharafga sazovor bo'ldi.

Tadbirda Abu Nasr Farobiy ilmiy merosini o'rganish bugungi yoshlar ta'lim-tarbiyasi, dunyoqarashi shakllanishi hamda jamiyat hayotning rivojlanishida muhim o'rin tutishi alohida ta'kidlandi.