Suhbat avvalida T.Narbayeva Yusuf al-Utaybiyni Saudiya Arabistoni Podshohligining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga tayinlangani hamda mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan muborakbod etdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan joriy yil 17-18-avgust kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtargani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishida parlamentlararo aloqalar muhim omil ekani, bu borada mamlakatlarimiz parlamentlarida taʼsis etilgan doʻstlik guruhlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada faollashtirish va amaliy natijalar bilan boyitish lozimligi taʼkidlandi.
Xususan, oʻzaro tajriba almashish, turli darajadagi delegatsiyalar tashriflarini muntazam tashkil etish, shuningdek, parlamentlardagi qoʻmitalar oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.