Tashkilot safi Hindiston, Pokiston, Eron va Belarus bilan kengaydi. Yevroosiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy xilma-xilligini ifodalovchi sherik va kuzatuvchi mamlakatlar ham qoʻshma faoliyatga jalb etildi.
Tashkilotning bunday jozibadorligi siri juda oddiy: bu bunyodkorlik falsafasiga qatʼiy sodiqlik, teng huquqli hamkorlik uchun ochiqlik, uchinchi davlatlarga qarshi yoʻnaltirilmaslik, har bir xalqning milliy xususiyatlari, oʻziga xosligini hurmat qilishdir. Eng muhim yutugʻi genetik kodi, yaʼni “Shanxay ruhi”dir. U oʻzaro hurmat, ishonch, tenglik, maslahatlashuv, madaniyatlar xilma- xilligini hurmat qilish va birgalikda rivojlanishga intilishni anglatadi.
Ushbu konsepsiya SHHTni mintaqaviy tashkilotdan toʻlaqonli xalqaro tashkilotga aylantirdi. Tashkilotning mana shu oltita asosiy prinsipi boshqa davlatlar uchun ham jalb etuvchi omildir. Ushbu tashkilotga qoʻshilishga tayyor davlatlar yildan yilga koʻpayib bormoqda. U harbiy blok emas, uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan. Tashkilotning muvaffaqiyati ham shunda.
Ana shu qadriyatlarga tayanib, BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli ostida xalqaro huquqqa asoslangan, yanada adolatli koʻp qutbli dunyo qurilishida ishtirok etmoqda. Ushbu global maqsadga erishishga katta hissa qoʻshish uchun Yevroosiyoda teng va boʻlinmas xavfsizlik arxitekturasini shakllanti-rish, jumladan, SHHTga aʼzo davlatlarning yaqin hamkorligiga erishish koʻzda tutilgan. Uning ijtimoiy-iqtisodiy poydevori sifatida tuzilma doirasida milliy taraqqiyot strategiyalari va mintaqaviy integratsiya tashabbuslarini birlashtirishdek Katta Yevroosiyo sherikligini koʻrish mumkin. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarning ushbu tuzilma bilan u yoki bu formatda oʻzaro hamkorlikka qiziqishi tobora oʻsib bormoqda.
Nisbatan qisqa muddatda SHHT rivojlanishning uzoq yoʻlini bosib oʻtdi va global siyosiy hamda iqtisodiy voqelikning ajralmas qismi boʻlib qoldi. Bugun u dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot. Aʼzo mamlakatlarning umumiy hududi 35 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu Yevroosiyo qitʼasi hududining 60 foizdan ortigʻi, degani. Unga aʼzo mamlakatlarning umumiy aholisi 3,5 milliarddan koʻp. Bu dunyo aholisining qariyb yarmidir. Tashkilot doimiy aʼzo 10 ta, kuzatuvchi 2 ta va muloqot boʻyicha sherik 14 ta davlatni birlashtirgan. 26 mamlakatdan iborat “SHHTning katta oilasi” uch qitʼani — Osiyo, Yevropa va Afrikani qamrab olgan.
Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatida SHHT ochiq, pragmatik va keng koʻlamli manfaatli hamkorlik yoʻlini amalga oshirish nuqtayi nazaridan har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega. Binobarin, mamlakatimizning tashkilotga nisbatan zamonaviy strategiyasi tashabbuskorlik, konstruktivlik, pragma-tizm va hamkorlikka ochiqlik kabi asosiy tamoyillarga asoslanadi. Oʻzbekiston, avvalo, barcha ishtirokchi mamlakatning ehtiyojlariga xizmat qiladigan istiqbolli yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik oʻrnatish orqali tashkilotning salohiyatini toʻliq ochib berishdan manfaatdor. Oʻzbekiston mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, “yashil” va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kabi muhim yoʻnalishlarda koʻp tomonlama hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan muhim takliflari orqali SHHT salohiyatini yanada mustahkamlashga intilayotgani shundan dalolat beradi.
Oʻzbekiston raisligi davri (2021-2022-yillar)da davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida 14 ta yangi konseptual hujjat ishlab chiqildi. Ular tashkilot doirasidagi hamkorlikni mazmunan boyitish va institutsional kengaytirishga qaratilgan. Transport bogʻliqligini rivojlantirish boʻyicha SHHT strategiyasi, Mintaqalararo savdoni rivojlantirish rejasi, Inf-ratuzilmani rivojlantirish dasturi, “SHHT Ezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish kabilarni alohida taʼkidlash zarur.
Prezidentimizning barcha tashabbusi mantiqan oʻzaro bogʻliq va bir-birini toʻldiradi. Masalan, ichki savdoni rivojlantirish orqali savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirishga erishish mumkin.
Oʻz navbatida, SHHT doirasida oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash boʻyicha Toshkent tomonidan faol ilgari surilgan va surilayotgan tashabbuslar tashkilot hududidagi ulkan transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan. Ushbu saʼy-harakatlar orqali Oʻzbekiston hamkorlari bilan birga “Oʻzbekiston — Qirgʻiziston — Xitoy”, “Termiz — Mozori sharif — Kobul — Peshovar”, “Lanchjou — Qashqar — Irkeshtam — Oʻsh — Andijon — Toshkent — Mari” va hozirgi geoiqtisodiy sharoitda oʻziga xos strategik ahamiyatga ega boshqa transport yoʻlaklarini amaliyotga tatbiq etishni jadallashtirish niyatida. Bu loyihalarning roʻyobi Yevroosiyo mintaqasidagi davlatlarning oʻz mahsulotlarini Xitoydan Yevropagacha boʻlgan ulkan hududga arzon va qulay tashish imkoniyatini kengaytiradi.
Oʻzbekiston Prezidentining Tyanszin shahrida boʻlib oʻtgan SHHT va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvlardagi nutqi ishtirokchi davlatlar manfaatiga mos keladigan pragmatik kun tartibini belgilab berdi. Tashkilotni “Global Janub” bilan oʻzaro hamkorlik uchun ochiq platformaga aylantirish gʻoyasi, shuningdek, SHHT Yagona transport makonini shakllantirish hamda Sharq — Gʻarb va Shimol — Janub yoʻlaklarini ulashgacha boʻlgan ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini kengaytirish boʻyicha takliflar bevosita Yevroosiyo bilan aloqalarni diversifikatsiyalash va tranzit xatarlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbuslar Janubiy, Markaziy hamda Janubi-sharqiy Osiyodagi mintaqaviy loyihalar bilan birlashish uchun real imkoniyatdir. Oʻzbekistonning SHHT makonidagi oʻzaro bogʻliqlik strategiyasi Afgʻo-nistonning butun Yevroosiyo uchun noyob iqtisodiy va tranzit mavqeini tiklashga ham xizmat qiladi. Afgʻoniston mintaqada uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning asosiy omili ekaniga shubha yoʻq. SHHTga aʼzo biror-bir davlat Yevroosiyo markazidagi beqarorlik oʻchogʻi yanada alangalanishi va Afgʻoniston hududidan qoʻshni davlatlar xavfsizligiga kelib chiqadigan tahdiddan manfaatdor emas. Bugungi voqelik SHHTdan yanada aniq saʼy-harakatlarni amalga oshirish va Afgʻonistonni mintaqaviy tashabbuslar, jumladan, infratuzilma loyihalariga jalb etishni talab qiladi. Demak, “SHHT — Afgʻoniston” muloqot guruhi faoliyatini qayta tiklash taklifi strategik ahamiyatga ega.
Mazkur muloqot guruhi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma yondashuvlarni ishlab chiqish va afgʻon jamiyati bilan muloqot qilish imkonini beradi. Bu esa, shubhasiz, mintaqaning umumiy xavfsizligiga taʼsir qiladi. Shu bois, SHHT doirasida Afgʻonistonning urushdan keyingi rivojlanish strategiyasiga doir konsolidatsiyalashgan yondashuvlarni ishlab chiqish, tabiiyki, Oʻz-bekiston Prezidentining tashabbusida oʻz aksini topdi. Davlatimiz rahbari ilgari surgan taklif va tashabbuslar SHHT makonida xavfsizlik, barqaror rivojlanish, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Falastin muammosi boʻyicha pozitsiya ham eʼtiborga molik. Rasmiy Toshkent zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish, insonparvarlik yordami va BMT rezolyutsiyalari asosida ikki davlat kelishuvini amalga oshirish tarafdori. Bu Oʻzbekistonning ishonchli va tinchliksevar davlat sifatidagi maqomini mustah-kamlaydi.
“Yashil” sanoatlashtirish va SHHT doirasida barqaror hamkorlik boʻyicha takliflar ham Osiyo, Afrika va Yevropa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Bunday “koʻprik” logistika, energetika va yuqori texnologiyalar sohasidagi yangi loyihalar uchun mustahkam poydevordir.
Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan Oʻzbekiston yangi transqitʼaviy yoʻlaklarning asosiy chorrahasiga aylanib bormoqda. Ushbu oʻzgarish jarayonini ikkita asosiy omil belgilaydi: SHHTdagi faol ishtirok va Transkaspiy yoʻlining strategik ahamiyati. Ularning uygʻunligi Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro mavqeini mustahkamlash uchun noyob imkoniyatlar yaratadi.
Oʻzbekiston uchun Transkaspiy yoʻnalishi Kaspiy dengizi portlari va Janubiy Kavkaz mamlakatlari orqali Turkiyaga olib boradigan qoʻshimcha logistika yoʻlini ochadi. Keyinchalik u savdo geografiyasini kengaytirib, Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradi.
Transkaspiy yoʻnalishini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasida soʻnggi 5 yilda Oʻzbekiston va Yevropa oʻrtasida Kaspiy dengizi orqali tashilgan yuklar hajmi 4 barobar oshdi. 2025-yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekistonning Kaspiy dengizi orqali eksport-import yuk tashish hajmi qariyb 500 ming tonnani tashkil etdi. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7 foiz koʻpdir.
Xitoy va Rossiya kabi yirik davlatlar, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Pokiston va Eronni birlashtirgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Oʻzbekiston uchun oʻz transport tashabbuslarini ilgari surish maqsadida ideal maydon vazifasini oʻtaydi.
Tyanszin shahrida oʻtkazilgan SHHT sammiti va Tyananmen maydonida nishonlangan Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 80 yilligiga bagʻishlangan tantanalar jahon hamjamiyati diqqat-eʼtiborini tortgan yirik va muhim siyosiy voqea boʻldi. Yutuqlar, natijalar, prognozlar haqida koʻp gapirildi. Shu bilan birga, tarixni alohida shaxslar yaratishini tushunish kerak. Eng avvalo, nufuzli xalqaro doiralar va ekspertlar Oʻzbekiston Prezidentining ana shu xislatlari, muhim tashabbuslarining ahamiyatini eʼtirof etmoqda.
Davlatimiz rahbarining izchil, mantiqiy oʻzaro bogʻliq siyosati ichki va tashqi siyosatda ijobiy natijalarga erishish imkonini berdi. Bu SHHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida soʻzlagan nutqida ham yaqqol oʻz ifodasini topdi. Prezidentimiz Tyanszinda Oʻzbekistonning muammolarni birgalikda hal etishga qaratilgan va rivojlanish istiqbollarini yaqqol namoyon qilgan tashabbuslarini ilgari surdi.
Oʻzbekiston yetakchisi, avvalo, aʼzo davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda “Shanxay ruhi” mavjudligini buyuk Konfutsiyning “Oʻzingni qaror toptirish, boshqalarga yordam berish, muvaffaqiyatga intilish, bosh-qalarning muvaffaqiyatiga hissa qoʻshish” degan hikmatli soʻzlari orqali tasdiqladi.
Tyanszin sammitining yakuni sifatida Toshkentda SHHT MATT negizida doimiy faoliyat yurituvchi organ — aʼzo davlatlar xavfsizligiga xavf va tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha universal markazni tash-kil etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi. Uning huzurida SHHT Axborot xavfsizligi markazi ham ochilmoqda.
Oʻzbekiston tashkilot doirasida tobora muhim oʻrin egallamoqda. Mamlakatning ichki va tashqi siyosatidagi strategik tuzatishlar va chuqur oʻzgarishlar uning rivojlanishi, barqarorligi va aholi turmush sharoitini yaxshilash barobarida mintaqaviy hamkorlikning butun arxitekturasi va rivojlanish yoʻnalishlariga tobora chuqur taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻsib borayotgan geosiyosiy notinchlik va xalqaro tartib oʻzgarishlari muhitida Oʻzbekistonning strategik tanlovi va tashqi siyosiy yoʻnalishlari nafaqat milliy, balki mintaqaviy ahamiyatga ega boʻlib, SHHTning kelajakdagi rivojlanish yoʻli va samaradorligini koʻp jihatdan belgilab beradi.
Mintaqaviy yetakchilik izchil mustahkamlanishi Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi diplomatik oʻzgarishlari va rivojlanishining oʻziga xos xususiyatidir. Mintaqaviy masalalar va koʻp tomonlama mexanizmlarda ishtirok etish, yaxshi qoʻshnichilik va mintaqaviy integratsiyani faol ilgari surish mamlakatning Markaziy Osiyodagi taʼsiri va jozibadorligini oshirdi.
Ushbu ijobiy siljish Oʻzbekistonning SHHT doirasidagi ishtirokini sezilarli darajada oshirib, kun tartibini shakllantirish, qoidalar va qarorlar qabul qilish jarayonida samaraliroq ishtirok etish, shu orqali mintaqaviy hamkorlikka yanada pragmatik yechimlarni joriy etish imkonini berdi. Oʻzbekistonning mintaqaviy nizolarni hal etish, muloqot va maslahatlashuvlarni rivojlantirishdagi konstruktiv roli barcha ishtirokchilar tomonidan eʼtirof etildi. Markaziy Osiyoda ichki hamkorlikni rivojlantirishda mamlakatimizning faol pozitsiyasi va amaliy qadamlari SHHT doirasida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qulay muhit va shart-sharoit yaratdi.
Prezidentimizning xavfsizlik sohasidagi tashabbuslarini alohida taʼkidlash joiz. SHHTning Yadro xavfsizligi boʻyicha deklaratsiyasini qabul qilishga chaqiriq Oʻzbekistonning global barqarorlik masalalari boʻyicha masʼuliyatli pozitsiyasini aks ettiradi. Bu nafaqat BMT shafeligida yadroviy qurollarni tarqatmaslik rejimini mustahkamlaydi, balki barqaror taraqqiyot manfaatlari yoʻlida tinch atom energetikasini rivojlantirish uchun zamindir.
Oʻzbekiston terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, chegaralarni boshqarish va kiberxavfsizlik kabi sohalarda boy va qimmatli tajriba toʻplagan, xavfsizlik sohasida SHHT hamkorligini rivojlantirish uchun muhim amaliy misol va modellarni taqdim etgan. Jumladan, Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan mintaqaviy aksilterror axborot almashish platformasini tashkil etish va chegara nazorati boʻyicha hamkorlikni kuchaytirishga oid tashabbuslarni aʼzo davlatlar yakdil qoʻllab-quvvatladi. Bu tashab-buslar SHHT hamkorligini yanada pragmatik va samarali yoʻnalishda rivojlantirishga turtki berdi. Bunday aniq qadamlar mintaqadagi xavfsizlikning umumiy darajasini oshirish bilan birga ishtirokchi davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va strategik muvofiqlikni mustahkamladi.
Mamlakatimizning iqtisodiy hamkorlikni harakatlantiruvchi kuchi sifatidagi mavqei muttasil mustahkamlanib, kengayib bormoqda. Oʻzbekiston tizimli iqtisodiy islohotlar va ochiqlik strategiyasini amalga oshirish bilan bir qatorda global va mintaqaviy iqtisodiyotni boshqarishda ham faol ishtirok etmoqda. Shu orqali SHHT doirasidagi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka yangi dinamika va turtki bagʻishlamoqda.
Madaniy almashinuvlarning tashabbuskori sifatidagi oʻrnimiz ham alohida eʼtiborga loyiq. Oʻzbekiston boy madaniy merosi va koʻp asrlik tarixiy anʼanalari bilan Buyuk ipak yoʻlidagi muhim sivilizatsiya markazi sifatida SHHT madaniy hamkorligida oʻziga xos va muhim oʻrin tutadi. Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan turli madaniy tadbirlar va ilmiy loyihalar SHHT doirasida sivili-zatsiyalar muloqotining muhim platformalari va muvaffaqiyatli namunalarini taqdim etib, mintaqaviy hamkorlikni yanada rang-barang qilish va xalqqa yoʻnaltirish imkonini berdi.
Oʻzbekiston aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro muloqot, tushunish va siyosatni muvofiqlashtirishga koʻmaklashuvchi, shuningdek, qoʻshma konsensus hamda amaliy yechimlarni shakllantirishga hissa qoʻshuvchi koordinator vazifasini oʻtaydi. Barcha tomonlar manfaatlarini muvozanatlashtirish va eng oliy umumiy xususiyatni izlash qobiliyatida namoyon boʻlgan diplomatik donoligi murakkab xalqaro sharoitda SHHTning birligi, hamkorligi va barqaror rivojlanishini saqlashga salmoqli hissa qoʻshdi. Tashkilot doirasidagi hamkorlikka qoʻshgan hissasi va faol ishtiroki orqali nafaqat oʻzining xalqaro mavqei va mintaqaviy taʼsirini sezilarli darajada oshirdi, balki tashkilot rivojiga yangi dinamika qoʻshdi va innovatsion gʻoyalarni olib kirdi.
Prezidentimizning SHHT sammitidagi mazmunli va serqirra nutqida ilgari surilgan har bir taklif nafaqat deklarativ, balki amaliy xarakterga ega boʻlib, hamkorlikni mustahkamlash va tashkilot faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Ayniqsa, iqtisodiyot va innovatsiyalar sohasidagi tak-liflar nihoyatda dolzarb. Xususan, muhim materiallar mintaqaviy markazi, energetika konsorsiumi va venchur kompaniyalar tarmogʻining tashkil etilishi ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning yangi istiqbollarini ochadi. Bu qadamlar SHHTni haqiqiy sanoat kooperatsiyasi va texnologik yutuq platformasiga aylantiradi.
Gumanitar hamkorlik yoʻnalishidagi tashabbuslar ham ahamiyatli. Xalqaro xalq ijodiyoti festivalini oʻtkazish, “SHHT universiteti”ning onlayn kampusini ishga tushirish, sayyohlik yoʻlagini rivojlantirish gʻoyalari eʼtirofga loyiq. Bular “xalq diplomatiyasi” institutini mustahkamlovchi, bilim, madaniy boyliklar almashinuvi uchun shart-sharoit yaratuvchi va ishtirokchi davlatlar oʻrtasida chinakam hamjihatlik tuygʻusini shakllantiradigan loyihalardir.
Eʼtiborni tortadigan yana bir jihat bor: Oʻzbekiston rahbari SHHT ulkan iqtisodiy, intellektual, resurs va texnologik salohiyatga ega boʻlib, xalqaro maydonda tobora muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi. Global inqiroz va mojarolar avj olishi sharoitida SHHTga aʼzo davlatlarning oʻzaro anglashuvi va birdamligi mintaqada tinchlikni saqlashning asosiy omilidir. Davlatimiz rahbari SHHT teng huquqli muloqot va oʻzaro hurmat makoni boʻlib qolayotganini, bu esa zamonaviylikning eng murakkab muammolariga muvozanatli yechimlar topishga imkon berishini qayd etdi.
SHHTning ovozi yanada qatʼiy yangrashi uchun davlatimiz rahbari tashkilotni izchil kengaytirishga chaqirdi va uning muvaffaqiyati ochiqlik va keng hamkorlikka, jumladan, global Janub davlatlari bilan hamkorlikka yoʻnaltirilganida ekanini taʼkidladi. Prezidentimiz nutqida xalqaro vaziyatning chuqur tahlili va amaliy yechimlar uzviy mujassamlashganini alohida taʼkidlash joiz. U zamonamizning asosiy muammolari — oʻzaro ishonch inqirozi, koʻp tomonlama institutlarning zaiflashuvi, jahon iqtisodiyotining parchalanishini toʻgʻri belgilab berdi va ularni bartaraf etishning aniq yoʻllarini taklif qildi.
Shu tariqa Oʻzbekiston Prezidenti uzoqni koʻra olish, siyosiy yetuklik, adolat va hamjihatlik gʻoyalariga sadoqatini namoyon etdi. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari nafaqat SHHTning asosiy xalqaro tash-kilot sifatidagi nufuzini mustahkamlash, balki butun Yevroosiyo makonini rivojlantirishning yangi yoʻnalishlarini belgilashga qodir. Shu maʼnoda, Tyanszindagi SHHT sammiti, shuningdek, “SHHT plyus” uchrashuvi tuzilma tarixida muhim bosqich boʻldi. Ushbu sammitning samarali natijalari barqarorlikni yanada mustahkamlash, koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish va barcha mamlakatlarning izchil taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Ismoil SAIFNAZAROV,
falsafa fanlari doktori, professor