Oʻzbek va tojik xalqlari azaldan doʻst, quda-anda boʻlib yashab kelgan. Tarixi va taqdiri uyqash, tutumi, eʼtiqodi bir, madaniyati, urf-odatlari oʻxshash xalqlarimiz oʻrtasidagi yaqinlik bugun ham barcha jabhadagi aloqalarda namoyon boʻladi.

Ayni jihatlar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi oʻrtasida imzolangan Hamkorlik bitimida ham oʻz aksini topgan.

Mazkur Hamkorlik bitimini amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan qoʻshma chora-tadbirlar rejasiga muvofiq tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 24-sentyabr kuni Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Neʼmatzoda Maliksho Maxmadsho rahbarligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi.

Doʻstona hamkorlikning amaliy natijasi boʻlmish mazkur uchrashuvdan koʻzlangan maqsad – Tojikiston va Oʻzbekiston kasaba uyushma markazlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, mamlakatimizda turli tarmoqlar xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoyalash, mehnat muhofazasi, madaniy-ommaviy ishlar, sogʻlomlashtirish va dam olishni tashkil etish kabi masalalarda oʻzaro tajriba almashishga qaratilgan.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Tojikiston delegatsiyasi vakillarining mamlakatimiz kasaba uyushmalari faollari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratulla Rafiqov qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida keng qamrovli saʼy-harakatlar amalga oshirilayotgani, buning natijasida qator qoʻshni davlatlar, xususan, Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikning yangi ufqlari ochilganini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlarning strategik sheriklik, oʻzaro hurmat, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik asosida tobora mustahkamlanib borayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, oʻzaro munosabatlarda erishilgan ulkan ijobiy oʻzgarishlar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlayotgani, yillar davomida qarindosh-urugʻlari, doʻstlari va yaqinlari bilan diydor koʻrishish imkonidan bebahra boʻlgan odamlarning kayfiyati ham ijobiy tarafga oʻzgargani eʼtirof etildi.

Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz kasaba uyushmalari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga, shuningdek, ikki davlat tarmoq va hududiy kasaba uyushma tashkilotlari amaliy hamkorligiga va oʻzaro tajriba almashish tizimini yoʻlga qoʻyishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Mehmonlar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarida olib borilayotgan tizimli ishlar bilan tanishdi.

Tojikistonlik hamkasblar bugun nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tamoyillar kuchga kirgani, koʻp yillardan buyon mavjud boʻlgan muammolarni hal etish, savdo-iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy aloqalarni kengaytirish, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun qulay imkoniyatlar ochilganini eʼtirof etdi. Xususan, Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish boʻyicha izchil va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar miqyosi jihatidan betakrorligi bilan ahamiyatli ekani, mazkur islohotlar har bir insonga, uning kundalik ehtiyojlarini hal etishga yoʻnaltirilgani, eng muhim ijtimoiy masalalarni hal etish uchun maqsadli dasturlar amalga oshirilayotgani, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda ijobiy oʻzgarishlar roʻy berayotgani bois dunyo hamjamiyati eʼtiborini tortayotgani va eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida Oʻzbekiston va Tojikiston kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida ikkala tomonning ilgʻor tajribalari bilan oʻrtoqlashildi.

Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Neʼmatzoda Maliksho Maxmadshoga yuksak ehtirom ramzi sifatida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Ehtirom” nishoni topshirildi.

Federatsiyalar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida yangi memorandum imzolandi.

***

Delegatsiya aʼzolari poytaxtimizdagi “TEXNOPARK” MCHJga tashrif buyurib, bu yerda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlari, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar, imtiyozlar bilan tanishdi. “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida ham boʻlib, “Matonat madhiyasi” monumentiga gulchambar qoʻyishdi.

Tojikistonlik mehmonlarning Samarqand shahriga ham tashrifi rejalashtirilgan.

Muhabbat OʻRMONBEKOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari

Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari.