Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi xabar berdishicha, Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari masʼullaridan iborat bir guruh vakillari Afgʻoniston davlatida boʻlib turibdi.

Delegatsiya tarkibida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Yakubov ham boʻlib, farmatsevtika va sogʻliqni saqlash sohasida Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik masalalarida muzokaralar olib bordi.

Xususan, Afgʻonistonning “Fyucher Vels Trayding” kompaniyasi direktori G.Fahim bilan Oʻzbekistondagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yiliga oʻrtacha 1 mln dollarlik protein va vitamin komplekslarini yetkazib berish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Afgʻoniston Aholi salomatligi vazirligining farmatsevtika xizmatlari direktori Hamid Furmuli bilan mazkur mamlakatdagi “Ibn Sina” korxonasi negizida shartnoma tuzish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, stomatologiya xizmatlari koʻrsatish boʻyicha Kobul shahrida atigi bitta korxona faoliyat koʻrsatib kelayotgan boʻlib, uchrashuvlar davomida Afgʻoniston tibbiyot xodimlarini “Health manager” boʻyicha malakasini oshirish, qisqa muddatli kurslarda oʻqitish masalalari kelishildi.

Mazkur holatlar eʼtiborga olinib, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan dori mahsulotlarini ushbu mamlakat bozoriga yetkazish borasida Afgʻoniston “Oziq-ovqat va dori vositalarini sifatini nazorat qilish” milliy uyushmasi raisi, doktor A.Umar bilan samarali muzokaralar olib borildi.

Xususan, davlat roʻyxatidan oʻtkazishning oʻzaro soddalashtirilgan tizimini (25 kungacha) joriy qilish boʻyicha kelishuv loyihasi ishlab chiqilmoqda.