Umumiy ogʻirligi qariyb 390 tonnani tashkil etgan mazkur gumanitar yuk «Termez Cargo Centre» maydonchasida shakllantirilib, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar hamda tibbiy uskunalardan iborat.

Gumanitar yuk tarkibi bilan tanishish jarayonida Balx viloyati hokimi M.Vafo Afgʻoniston xalqiga koʻrsatilayotgan doimiy yordam uchun Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Ushbu yordam Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan afgʻon xalqini qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi izchil saʼy-harakatlarning ifodasi ekani taʼkidlandi.

Qayd etilishicha, mazkur aksiya 2025-yil davomida Afgʻoniston xalqiga yoʻnaltirilgan toʻrtinchi gumanitar yordam hisoblanadi.

Shuningdek, Balx viloyati hokimi Oʻzbekiston tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarga eʼtibor qaratdi. Natijada soʻnggi yillarda afgʻon mahsulotlari eksporti hajmlari sezilarli darajada oshgani, shuningdek, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va aholi farovonligi yaxshilangani qayd etildi.