— Har qanday davlatning barqarorligi uchta omilga bogʻliq. Bu iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy himoya va ekologik xavfsizlikni taʼminlashdir. Oʻzbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida keyingi yillarda salmoqli qadamlarni tashladi.

Biz hozir tubdan oʻzgargan davrda yashayapmiz. Pandemiya butun dunyoga boshqacha nazar bilan qarashga majbur qildi. Barqaror rivojlanishga erishish, uning mezonlarini bajarish asosiy vazifaga aylandi. Bu borada parlamentning zimmasidagi vazifalarni aniq-tiniq belgilab olish ushbu anjumanning asosiy maqsaddir.

Ekologik muammolarga kelsak, ular dunyodagi eng muhim, aytish mumkinki, xavfli masalaga aylandi. Iqlim oʻzgarishi, ayniqsa, mintaqamiz uchun dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Iqlim oʻzgarishi bu harorat oʻzgarishi degani emas. U kengroq tushuncha. Iqlim oʻzgarganda nafaqat harorat, oʻsha yerdagi jugʻrofiy tuzilmalar, litosfera, yerning landshafti oʻzgaradi, suv resurslari kamayadi.

Pirovardida qishloq xoʻjaligiga, iqtisodiyotga taʼsir koʻrsatishi oqibatida bu yerda odamlar yashashi uchun nomaqbul holat yuzaga keladi. Bu esa ekologik migratsiyaga olib kelishi mumkin. Hozirgi hisob- kitoblarga koʻra, agar harorat koʻtarilishi shunday davom etaveradigan boʻlsa, 2040 – 2050-yillarga borib, butun dunyoda 220 million nafardan ziyod aholi oʻzi yashab turgan joylarni tashlab ketishga majbur boʻladi. Binobarin biz hozir nafaqat koronavirus pandemiyasi, balki tabiat pandemiyasiga ham yoʻl qoʻymasligimiz kerak.