Oʻzbekiston bolalari rasmlari Tokiodagi koʻrgazmada namoyish etilyapti

    Madaniyat 31 Yanvar 2023 2753

    Tokiodagi Milliy sanʼat saroyida oʻtkazilayotgan “Sanʼat — chegara oshib” nomli rasmlar koʻrgazmasi doirasida Oʻzbekiston bolalari rasmlari namoyishi tashkil etildi.

    Koʻrgazmada 22 ta mamlakatdan yuborilgan 490 ta sanʼat asari namoyish etilyapti. Oʻzbekiston burchagidan Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari oʻquvchilari tomonidan chizilgan 60 ga yaqin rasmlar oʻrin oldi. Rasmlarda bolajonlarimiz ona zaminimizning goʻzal tabiatini, madaniy merosini, milliy liboslarini, shuningdek, mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylarini tasvirlagan.

    Rasmlar koʻrgazmasining ochilish marosimida elchixona vakillari ishtirok etib, tashkilotchilarga koʻp yillardan buyon Yaponiyaning markaziy sanʼat saroylaridan birida Oʻzbekiston bolalarining rasmlarini namoyish etish orqali mamlakatimizning madaniyati va urf-odatlarini yapon hamjamiyatiga keng namoyish etish imkoniyati yaratib berilayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Koʻrgazma tashkilotchisi — taniqli yapon rassomi Toxun Kobayashi Oʻzbekiston bolalarining ijodiy mashqlarini eʼtirof etdi. “Tokioning markazida joylashgan Milliy sanʼat saroyida “Sanʼat — chegara oshib” nomli rasmlar koʻrgazmasi 26-yanvardan oʻz ishini boshlagan. Ushbu yirik koʻrgazmada Oʻzbekistondan eng koʻp rasmlar namoyish etilyapti, — dedi u. – Koʻrgazma ishtirokchilari va mehmonlari oʻzbekistonlik bolalar tomonidan taqdim etilgan rasmlar yuqori mahorat bilan chizilganini taʼkidlayapti. Ushbu rasmlar orqali oʻzbek xalqining bagʻrikengligi va yurtingiz madaniy merosi naqadar boy ekanligiga ishonch hosil qilish mumkin.

    Bu galgi tadbirda rasmlar bilan bir qatorda, oʻzbek milliy liboslari va hunarmandchilik mahsulotlari ham namoyish etilayotgani tashrif buyuruvchilar orasida yurtingiz haqida chuqurroq tasavvurga ega boʻlish maqsadida Oʻzbekistonga safar qilish istagi orttirishiga imkon beradi, deb oʻylayman”.

    Koʻrgazma 6-fevralga qadar oʻz ishini davom ettiradi.