O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Saudiya Arabiston podshohligi prokuraturasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi

    Oʻzbekiston Bosh prokuraturasining taklifiga binoan Saudiya Arabiston podshohligi bosh prokurori shayx Saud Abdullah al-Muajib boshchiligidagi delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

    Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, 7-noyabr kuni bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev Saudiya Arabiston podshohligi bosh prokurori shayx Saud Abdullah al-Muajib bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Konstruktiv muloqot davomida tomonlar huquqiy hamkorlik masalalarini, shuningdek, ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildi.

    Bundan tashqari, bosh prokuror N.Yoʻldoshev delegatsiya vakillarini mamlakatda davlat rahbari boshchiligida ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha tomonlar Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi va Saudiya Arabiston podshohligi prokuraturasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.

    Delegatsiya rahbarlari mazkur hujjat idoralararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi turtki boʻlishiga ishonch bildirdi.