Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Mercedes-Benz rusumli xizmat avtomobili Malibuʼga oʻzgartirildi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Abdulla Aripov 7-mart kuni videoselektor yigʻilishi oʻtkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha topshiriq bergan.
«Prezidentimiz bergan barcha topshiriqlarni soʻzsiz bajarishimiz shart, muhokamaga oʻrin yoʻq. Menga buni 20-martdan yoki 1-apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yoʻq, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi», — degan bosh vazir videoselektorda.
Bosh vazir matbuot kotibining qoʻshimcha qilishicha, bugungi kunda hukumat tarkibidagi barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xizmat avtomobili sifatida mahalliy avtotransportlardan foydalanishga oʻtgan.
Xususan senat raisi Tanzila Narbayeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Chevrolet Tahoe, bosh vazir oʻrinbosarlari Malibu, viloyat hokimlari esa Tahoe yoki Traverse avtomobillardan xizmat mashinasi sifatida foydalanmoqda.
Shu kungacha foydalanib kelingan avtotransport vositalari esa bosqichma-bosqich E-auksion — elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqariladi.