Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Britaniya bozoriga eksport qilish hajmini sezilarli darajada oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar doirasida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Buyuk Britaniyaning Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi vakillari oʻrtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.
Britaniya tomoni Oʻzbekistonda fitosanitariya sohasida olib borilayotgan islohotlarni mamnuniyat bilan qayd etib, Oʻzbekistonning Xalqaro oʻsimliklarni himoya qilish konvensiyasiga (IPPS) qoʻshilgani va hukumatning milliy qoidalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini olqishladi.
Videokonferensiya chogʻida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Buyuk Britaniya bozoriga olib chiqishda yuzaga keladigan toʻsiqlarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Britaniya tomonining xabar berishicha, respublikada qoʻllaniladigan fitosanitariya choralari toʻgʻrisida “Oʻzdavkarantin” tomonidan berilgan maʼlumotlarga asosan Angliyaga anor, gilos, olxoʻri, nektarin, oʻrik, xurmo, olma, nok, uzum, limon, oʻtkir qalampir va pomidor mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga eksport qilish imkoni mavjud.
Bundan tashqari, tomonlar oʻrtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, nashrlarni tashkil qilish, hududlarda laboratoriya diagnostikasini kuchaytirish va boshqa sohalarda hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Bu kabi maqsadlarni amalga oshirishda Buyuk Britaniya grantlarini jalb qilish imkoniyatlari oʻrganildi.