Buyuk Britaniyadagi mamlakatimiz elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan uchrashuvda mamlakatimiz korxonalarini ushbu tashkilotga aʼzo qilish va ularda boshqaruv menejmentini joriy etish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi.
SLF — charmni qayta ishlash va tayyorlash yoʻnalishida ekologiya, mehnat muhofazasi, ijtimoiy va iqtisodiy tamoyillarning bajarilishini baholab boruvchi yirik xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti sanaladi. Aynan ushbu tashkilot sertifikatini qoʻlga kiritish bu mazkur korxonalar Buyuk Britaniya va YEI talab etadigan barcha standartlarga toʻliq mosligini anglatadi. Bugungi kunda tashkilotga 200 dan ortiq korxonalar aʼzodir.
Muloqotda aynan Oʻzbekiston korxonalarini tashkilotga aʼzo qilish va u yerdagi boshqaruv menejmentini YEI standartlariga moslashtirish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, xalqaro sertifikatning talablari joriy etiladigan Oʻzbekiston korxonalari toʻgʻrisida batafsil tashkilot direktoriga maʼlumot taqdim etildi.
Mazkur sertifikatni qabul qiluvchi Surxondaryodagi “Top Quality Brand”, Toshkent viloyatidagi “Angren Charm Invest”, “Peng Sheng”, “Hamkor Nur-Savdo” korxonalarining texnik parametrlari, mahsulotlar sifati, boshqaruv menejmenti toʻgʻrisida fikr almashildi. Xalqaro tashkilot mazkur mazkur korxonamizni audit va texnik nazoratlar yakuniga yetgach aʼzolikka qabul qiladi. Toʻliq xalqaro sertifikatlarni taqdim etish boshlanadi.
“Oʻzbekiston Prezidentining bugun mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksportni kengaytirish, YEI bozorlariga milliy mahsulotlarni jadal kiritish borasidagi strategiyasi quvonarli holat. Biz aynan ushbu ijobiy oʻzgarishlar sabab, Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga shaymiz. Taqdim etayotgan xalqaro sertifikatlarimiz mamlakatingiz korxonalarini YEI bozoriga kirib borishga koʻmaklashadi. Bu boradagi ishlarni boshlaganmiz”. Muloqotda SLF ijrochi direktori Debora Tayler oʻz fikrlarini ana shunday bayon etdi.
Muzokaralar yakuni, olti oy davomida tashkilot tomonidan oʻtkazilgan boshqaruv menejmenti tahlili natijalari bilan SLF tashkiloti “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga xalqaro sertifikatni topshirdi.
Endilikda Uyushma tashabbusi bilan mahalliy charm-poyabzal korxonalarimiz xalqaro sertifikatlarni qabul qilib olishni boshlaydi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.