Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Dushanbe shahrida boʻlib turibdi.
Tashrif davomida delegatsiyamiz aʼzolari bugun “Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 30-yil” mavzusidagi xalqaro parlament konferensiyasida ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro anjuman parlamentlararo hamkorlik va muloqotni yanada mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, unda konstitutsiyaviy-huquqiy islohotlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, milliy va jahon konstitutsiyaviy taraqqiyotida global jarayonlarning mohiyatini aniqlash hamda jamiyatda konstitutsiyaviy qadriyatlarni ilgari surish boʻyicha oʻzaro tajribalar bilan oʻrtoqlashildi.
Konferensiya doirasida boʻlib oʻtgan muzokaralarda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi doʻstona aloqalar kengayib borayotgani, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik yanada rivojlanayotgani taʼkidlab oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.