Turkiya hukumati, BMTning Atrof muhit boʻyicha (YUNEP) va aholi punktlari dasturlari (BMT-Xabitat) koʻmagida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Alixanov ishtirok etdi.
Majlisda B. Alixanov oʻz maʼruzasida Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda atrof muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish va qayta ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar haqida atroflicha axborot berdi.
Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va 2030-yilgacha “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish strategiyasi qabul qilingani, ularda aholiga qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni 100 foizga yetkazish, hosil boʻladigan maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish, shuningdek, “aylanma iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish boʻyicha belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotgani alohida taʼkidlandi.
Taʼkidlanganidek, mazkur chora-tadbirlar maishiy chiqindilarni poligonlarga tashlash hajmini 60 foizgacha kamaytirish, 200 dan ortiq chiqindi poligonlari yerlarini toʻliq oʻzlashtirish, yashil hududga aylantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Majlisda ishtirokchilar Oʻzbekiston 2022-yilda Metan chiqindilarini kamaytirish boʻyicha global majburiyatlarga qoʻshilganligi va 2030-yilga borib ularning hajmini 30 foizga kamaytirishni maqsad qilgani maʼlum qilindi.
Joriy yilning boshida Oʻzbekistonda Markaziy Osiyoda birinchi marta chiqindi gazini ikki yirik poligonda elektr energiyasiga aylantirish loyihasi ishga tushirilganini mamlakatimizning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishga qatʼiy intilayotganiga yaqqol misol qilib koʻrsatish mumkin.
Tadbir yakunida chiqindilarni birgalikda oʻzaro manfaatli va samarali boshqarish boʻyicha qator takliflar bildirildi, shuningdek, Oʻzbekistonning BMT va aʼzo davlatlar bilan masʼuliyatli ishlab chiqarish va isteʼmolni taʼminlash sohasida, shu jumladan, “Nol chiqindi” tashabbusini ilgari surishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligi bildirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.









