Taʼkidlash kerakki, ishchi guruh aʼzolari mehmonxonalarni Masjidi Nabaviy va Harami sharif hisoblangan Baytullohga yaqin boʻlishiga alohida eʼtibor qaratmoqdalar. Shu yerning oʻzida mehmonxona mutasaddi rahbarlari bilan muzokara oʻtkazib, xonalar har tomonlaman qulay, shinam boʻlishi va mana shunday sharoitlarni hozirlash orqali ziyoratchilarimizning muborak safar davomida emin-erkin ibodat qilishlariga sharoit yaratish kerakligiga diqqat qaratildi.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari muborak maskanlarda oʻz ibodatlarini ado etayotgan ziyoratchilar bilan uchrashdilar. Muloqotda yurtdoshlarimiz barcha sharoitlar muhayyo qilingani, ayniqsa, mehmonxonalarning Ikki muqaddas masjidlarga yaqinligi, besh mahal namoz va ziyoratlarni ado etishga qulayligi, mehmonxonadagi ozoda, keng va shinam xonalar kishining bahru dilini ochishi, malakali shifokorlar tomonidan doimiy kuzatuv olib borilishini mamnuniyat ila izhor qildilar.

Tashrif asnosida Haj delegatsiyasi yurtimiz hojilariga taom va ichimliklar taqdim etish borasida xizmat koʻrsatishi mumkin boʻlgan mutasaddi vakillar bilan uchrashib, oshxonalarni saralash maqsadida ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, ulardagi shart-sharoit, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, pokizaligi, taom pishiradigan zamonaviy qozon va oshxona anjomlari koʻzdan kechirildi.

Boʻlajak hojilar uchun barcha zarur sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar haj amallarini toʻlaqonli bajarishi uchun Makka shahridagi Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylaridagi joylar masalasiga alohida eʼtibor qaratdilar. Bunda, chodirlarning sifatli, ozoda, qulay va keng boʻlishi, gilamlar toʻshalgani, sovutish jihozlari bilan yetarlicha taʼminlangani, issiq-sovuq suv tizimlari, taom tarqatish burchaklari va boshqa sharoitlar koʻzdan kechirildi.

“Umra-2022” yil boshidan beri 35.000 nafar fuqarolar Saudiya Arabistonida ziyoratlarni amalga oshirdi. Ramazon mavsumida 7 740 nafar ziyoratchi umra amalani ado etdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi “Haj – 2022” mavsumini tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni Saudiya Arabistonidagi mutasaddi idoralar bilan kelishib, oʻz safarlarini yakuniga yetkazdilar.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati