Tadbirda O'zbekiston Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Anjumanda IHTga a’zo davlatlarda ayollarning jamiyat taraqqiyotiga qo'shayotgan hissasini oshirish, islom dinida ayollar huquqlari hamda ularga to'sqinlik qilayotgan salbiy qarashlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Tadbir beshta ishchi sessiyadan iborat bo'lib, unda ayollarning maqomi va ularning Islomdagi haq-huquqlari, musulmon ayollarni ta’lim va ish bilan ta’minlash hamda zamonaviy jamiyatlarda ayollar bilan bog'liq turli muammolar ko'rib chiqiladi.
Konferensiyaning ochilish qismida so'zga chiqqan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon mamlakatda ayollarning o'rni va mavqeini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil aytib o'tdi. U ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko'rsatish islom dinidagi eng olijanob xususiyatlardan biri ekanligini alohida ta’kidladi.
Bugun O'zbekiston delegatsiyasi rahbari Muzaffar Komilov «Yangi O'zbekiston sharoitida milliy-diniy qadriyatlarga e’tibor hamda ayollar huquqlarining ta’minlanishi masalalari» mavzusida ma’ruza qilishi kutilyapti. Unda mamlakatimizda ayollar haq-huquqini ta’minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari haqidagi muhim ma’lumotlar IHTga a’zo davlatlar vakillari e’tiboriga taqdim etiladi.
Xalqaro kongress 9-noyabrga qadar davom etadi.