Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan oʻzbekistonlik mehnat migrantlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, epidemiologik vaziyatga rioya qilgan holda Oʻzbekistondan fuqarolarni Rossiyaga ishga jalb qilish masalalarini muhokama qilish va qator kelishuvlarga erishishni maqsad qilgan.

Tashrif doirasida Rossiya sogʻliqni saqlash vazirligida tashkil etilgan uchrashuvda patent olishda talab etiladigan OITS tahlili, sifilis, flyuorografiya, qon, psixotrop moddalar tahlili kabi yoʻnalishlar boʻyicha tibbiy maʼlumotnomani Oʻzbekistonda olishni joriy etish yuzasidan vakolatli markazlar ochishning tashkiliy masalalari muhokama etildi.

Taʼkidlash joiz, ayni paytda ushbu jarayonlar Rossiya Federatsiyasida amalga oshiriladi. Ushbu vaqt oraligʻida fuqaroning ishlashi mumkin emas. Tabiiyki, bu jarayon mehnat migrantlaridan ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi.

Shuningdek, delegatsiyaning “Yurinvestxolding” kompaniyasi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida Rossiya hududidagi oʻzbekistonlik mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Rossiya Federatsiyasining 7 ta hududida Oʻzbekiston fuqarolari uchun kasbiy malaka va rus tilini oʻqitish dasturini rivojlantirish hamda 2021-yilda ushbu kurslarga jalb etiladigan fuqarolar qamrovini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.