Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, tadbirda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi milliy reja va loyihalar, shuningdek, suv resurslarini tejashga strategik yondoshuv, suvni tozalash va qayta ishlatish istiqbollari muhokama qilindi.
Oliy Majlis Senatining Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo'mitasi raisi Boriy Alixonov o'z nutqida BMT Bosh Assambleyasining Orolbo'yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish to'g'risidagi rezolyutsiyasini amalga oshirish bo'yicha hayotga tadbiq etilayotgan ishlar haqida so'zlab berdi.
Boriy Alixonov Orolbo'yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik xavfsizlikni ta'minlash, ekotizimni barqarorlashtirishga qaratilgan ilg'or innovatsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha Prezident SHavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga urg'u berildi.
Orol dengizining qurishi, iqlim o'zgarishi, Orol halokati oqibatlarini yumshatish va Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish bo'yicha O'zbekiston tomonidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar, qisqa va o'rta muddatli istiqboldagi suv iste'moli va boshqa masalalarga e'tibor qaratildi.
Ishtirokchilar suv resurslaridan bezarar foydalanish va integratsiyalashgan holda boshqarish uchun sa'y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta'kidlashar ekan, Kengash ishtirokchi davlatlarda milliy qonunchilik me'yorlarini uyg'unlashtirishga da'vat etdi. Bu atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish bo'yicha konstruktiv va samarali hamkorlikning huquqiy asosini ta'minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Majlisda, shuningdek, Kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ishtirokchi davlatlar vakillarining ma'ruzalari ham tinglandi. Osiyoda suv resurslarini boshqarish sohasidagi o'zaro hamkorlikni kengaytirish bo'yicha qator takliflar bildirildi.