Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Mazkur xalqaro tadbirda 7 ta davlatdan (Vengriya, Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozogʻiston va Qirgʻiz Respublikasi) tashrif buyurgan moliyaviy razvedka boʻlinmalari hamda bir qator xalqaro tashkilotlar (FATF, MONEYVEL, Yevrosiyo guruhi, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi va boshqalar) vakillari qatnashdi.
Forumda ishtirokchilar tomonidan jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda moliyaviy razvedka boʻlinmalari faoliyatiga ilgʻor texnologiyalar va innovatsion yechimlarni tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi hamda oʻzaro tajriba almashinildi.
Bundan tashqari, Forum doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasining Ozarbayjon Respublikasi Moliyaviy monitoring xizmati raisi Zaur Fatizada bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etilib, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va oʻzaro tajriba almashish maqsadida anglashuv Memorandumi imzolandi.