Tashrif doirasida YUNESKO rahbariyati va Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻrtasidagi uchrashuv yuqori darajada boʻlib oʻtdi.
Unda YUNESKO bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Janini, Taʼlim-2030 ni qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boshqarmasi direktori Maki Katsuno-Xayashikava, oliy taʼlim boʻlimi boshligʻi Peter Uels hamda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev hamda Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv kun tartibidan Tokio va Global konvensiyalarga qoʻshilish boʻyicha texnik va moliyaviy koʻmaklashish, oliy taʼlimni rivojlantirish, barqaror rivojlanishda oliy taʼlimning hissasini oshirish, yoshlarda zarur koʻnikmalarni shakllantirish, taʼlim orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, oliy taʼlimda mobillikni jadallashtirish, taʼlim sifatini taʼminlash xalqaro tarmoqlarida Oʻzbekiston ishtirokini kengaytirish hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar bilan bogʻliq qator masalalar muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi uchrashuv va Jahon oliy taʼlim anjumaniga taklif uchun minnatdorlik bildirar ekan, YUNESKO va Oʻzbekiston oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik yoʻnalishlari va istiqboldagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.
— Prezidentimiz boshchiligida yurtimizda inson kapitalini rivojlantirish va taʼlim orqali kambagʻallikni qisqartirish, barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish boʻyicha katta islohotlar olib borilyapti. “Yoshlarni hayotga tayyorlash” va “Hech kim orqada qolmaydi” tamoyillari asosida taʼlim tizimi transformatsiya qilinyapti, — dedi U.Toshkenboyev. —Hozir anjumanda koʻtarilgan masalalar Oʻzbekistonda juda dolzarb boʻlib turibdi. Ushbu konferensiya yurtimizda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish va taʼlim orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga katta turtki beradi.
Oʻz navbatida, YUNESKO bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Oʻzbekistonda oliy taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar yuqori baholashini hamda bu borada YUNESKO Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi.
— Bugun oliy taʼlim tizimi butun dunyoda oʻzgarishlarga yuz tutmoqda. Koronavirus pandemiyasidan soʻng raqamli va onlayn taʼlim sohasi juda keng ommalashdi. Bunda esa malakalarni oʻzaro tan olish va mobillik ham kun tartibidagi eng muhim masalalardan biriga aylandi. Bu jarayonda Tokio va Global konvensiyalar mamlakatlar oʻrtasida mobillikni taʼminlash uchun muhim vosita vazifasini bajaradi. YUNESKO Oʻzbekistonga ushbu konvensiyalarni imkon qadar eng qisqa muddatlarda ratifikatsiya qilishni tavsiya etadi. Shuningdek, bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholaymiz, – dedi Stefaniya Janini.
Uchrashuv yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi, deyiladi inspeksiya axborot xizmati xabarida.