Dubayda mushkul ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi

    Oʻzbekistonning Dubaydagi Bosh konsulligi oʻzbek diasporasi faollari bilan birgalikda, shuningdek, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi koʻmagida hamyurtimiz P.Aning oʻz oilasi bagʻriga qaytishiga yordam koʻrsatdi.

    1969-yilda tugʻilgan P.A. joriy yil 28-yanvar kuni insultga chalingani sababli Dubaydagi “Rashid Hospital” shifoxonasiga yotqizilgan.

    Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida shifoxona rahbariyati P.Aning ushbu tibbiy muassasada davolangani uchun toʻshlashi kerak boʻlgan 18 ming dollaridan ortiq mablagʻdan voz kechdi.

    Shuningdek, unga mamlakatda boʻlish qoidalarini buzgani sababli BAA immigratsiya organlari bilan yuzaga kelgan muammolarni hal qilishda yordam koʻrsatildi va yoʻqolgan pasporti oʻrniga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi.

    BAAda faoliyat yuritayotgan xayriya jamgʻarmalari va diaspora faollari koʻmagida P.A.ni Oʻzbekistonga joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berildi.

    9-mart kuni diplomatlar va “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi xodimlari hamrohligida hamyurtimiz Dubay-Toshkent yoʻnalishidagi havo qatnovi bilan Vatanga kuzatib qoʻyildi.