Safardan koʻzlangan maqsad Komi Respublikasi hukumat vakillari bilan aloqa oʻrnatish, ushbu hududda vaqtinchalik mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining muammolarini oʻrganish, ularning hal etilishiga koʻmaklashish, oʻzbek diasporasi vakillari, Siktivkar davlat universiteti bilan aloqa oʻrnatish va ushbu oliy oʻquv yurtida taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalar bilan uchrashishdan iborat edi.

Xususan, Komi Respublikasi hukumati vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va migratsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda Rossiya tomonidan Komi Respublikasi hukumati raisi oʻrinbosari Larisa Karachyova, taʼlim vaziri Natalya Yakimova, mehnat va bandlik vaziri Yekaterina Gribkova va milliy siyosat vaziri Roman Noskov ishtirok etdi.

Larisa Karachyova Oʻzbekiston va Komi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy va taʼlim sohalarida hamkorlik rivojlanib borayotganini, xususan, anʼanaviy tarzda respublikadan Oʻzbekistonga yogʻoch, koʻmir, qogʻoz va karton mahsulotlari eksportining hajmi tobora oʻsib borayotganini taʼkidladi. Bunga misol sifatida 2021-yil Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “INNOPROM: Oʻzbekistonda yirik sanoat haftaligi” xalqaro sanoat koʻrgazmasida Komining korxona va tashkilotlari oʻz loyihalari bilan ishtirok etganliklari tilga olindi. Bundan tashqari, 2022-yil may oyida ushbu hudud tadbirkorlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Moskvada boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va elektrotexnika mahsulotlari yarmarkasida qatnashgani holda bir qator shartnomalarni imzolagani bildirildi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Rossiya Federatsiyasi Bojxona vazirligining maʼlumotiga koʻra, soʻnggi bir yilda Komi Respublikasiga Oʻzbekistondan 20 million AQSH dollariga teng mahsulot import qilingan boʻlsa, Komidan Oʻzbekistonga 30 million AQSH dollaridan ortiq hajmda mahsulot eksport qilingan.

Taʼlim vaziri Natalya Yakimova Oʻzbekiston taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qilar ekan, ushbu hududda jami 80 nafarga yaqin oʻzbekistonlik talabalarning 8 nafari P.Sorokina nomidagi Siktivkar davlat universitetida texnika, togʻ-kon qazilmalari va IT yoʻnalishlarda tahsil olayotganliklarini bildirdi. U soʻnggi yillarda Komi Respublikasida joylashgan universitetlarga byudjet asosida oʻqish uchun kvotalar soni ortib borayotganligi sababli Oʻzbekistondan togʻ-kon qazilmalari yoʻnalishida talabalar qabul qilishga, oʻqituvchilar tajriba almashuvini yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanligini aytdi.

Mehnat va bandlik vaziri Yekaterina Gribkova respublikada rasmiy ravishda jami 800 nafardan ortiq fuqarolar turli yoʻnalishlarda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgani xususida toʻxtalar ekan, 2021-yil davomida yana 9 nafar yuqori malakali mutaxasislar jalb etilganligini aytdi. Kelgusida Bosh konsulxona bilan oʻzbekistonlik fuqarolarni Komi Respublikasidagi sanoat va ishlab chiqarish sohalaridagi korxonalarga jalb etishda hamkorlik qilishga tayyor ekani, buning uchun vazirlik reyestirida 13 mingta vakant ish joylari mavjudligini maʼlum qildi. U yaqin kunlarda sohalar kesimida ushbu boʻsh ish joylariga soʻrovnoma yuborilishi ham aytib oʻtdi.

Bosh konsulxona delegatsiyasi aʼzolari, shuningdek, P.Sorokina nomidagi Siktivkar davlat universiteti rahbariyati bilan ham uchrashdilar. Muloqot davomida Sankt-Peterburg shahridagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Butunjaxon yoshlar assotsiatsiyasi koordinatori bilan hamkorlik aloqalari, ularning oldida turgan dolzarb vazifalar, ayniqsa, taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida soʻz borgani barobarida kelgusida mazkur oliygoh bilan ilmiy-amaliy yoʻnalishlarda hamkorlik va u yerda tahsil olayotgan talabalarni turli tadbirlarga jalb etish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Safar doirasida ushbu shahardagi Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari boʻyicha boshqarmasi xodimlari hamda uzoq yillardan buyon ushbu shaharda istiqomat qilib kelayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda fuqarolarga hujjat soʻrab olish, fuqarolikdan chiqish, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarni rasmiylashtirish, FHDYO masalalari, vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish tartiblari tushuntirildi. Fuqarolarimiz va mahalliy huquqni muhofaza etuvchi tashkilot vakillariga migratsiya soxasidagi yangi qaror va qonunchilik meʼyorlari, chet elda mehnat qilish uchun yaratilayotgan sharoit va qulayliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

Vatandoshlarimiz oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga ham javob olishdi.