Oʻzbekiston dzyudo akademiyasi Sportni rivojlantirish vazirligi tizimiga kiruvchi dzyudo, shu jumladan, paradzyudo boʻyicha professional, yuqori malakali sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni xalqaro talablar asosida tayyorlashga koʻmaklashadigan muassasa hisoblanadi.

Quyidagilar Oʻzbekiston dzyudo akademiyasining qoʻshimcha vazifalari etib belgilanadi:

– dzyudo boʻyicha boʻyicha milliy terma jamoalar (kattalar, yoshlar, oʻsmirlar yosh toifalari sportchilari, shuningdek sport faxriylari) aʼzolarining jismoniy rivojlanishi, jismoniy tayyorgarligi, funksional holati, texnik-taktik va psixologik tayyorgarligini oʻrganish;

– dzyudo boʻyicha milliy terma jamoalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ularga amaliy va ilmiy-metodik jihatdan koʻmaklashish;

– dzyudo boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish;

– dzyudo boʻyicha ilmiy-uslubiy tavsiyanomalar, oʻquv-qoʻllanmalar, darsliklarni nashrga tayyorlash va chop etish.

Sportni rivojlantirish vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda 2023-yil 1-oktyabrgacha Yaponiya, Xitoy, Koreya, Rossiya, Belarus, Germaniya, Avstraliya va boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekiston dzyudo akademiyasini talab darajasida zamonaviy anjomlar, jihozlar va uskunalar bilan taʼminlaydi.

Oʻzbekiston dzyudo akademiyasiga xorijlik professor-oʻqituvchilar, olimlar va maʼmuriy xodimlar jalb etiladi.