Oʻzbekiston energetika bozori global ishlab chiqaruvchilarni jalb qilmoqda

    Yirik xalqaro tadbir bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtaradi

    Keyingi bir necha oyda yurtimizda anʼanaviy oʻtkazilayotgan yirik xalqaro koʻrgazmalardan biri — Oʻzbekiston energetika haftaligiga jiddiy tayyorgarlik koʻrildi. Odatdagidek biznes va mintaqaviy muloqot maydoniga aylanadigan xalqaro tadbirda ishtirok etish uchun turli mamlakatlardan koʻplab kompaniya vakillari, mashhur brendlar, yonilgʻi-energetika sohasining yetakchi gigantlari katta qiziqish bildirgan. Bugun Oʻzbekiston energetika sohasidagi ulkan islohotlari bilan jahon hamjamiyati eʼtiborini tortmoqda.

    Poytaxtimizdagi CAEx xalqaro koʻrgazmalar maydonida 13-15-may kunlari oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston energetika haftaligi buning yana bir isboti. Unda sayyoramizning bugungi va ertangi kuni uchun yaratilayotgan xavfsiz energetikaning eng yangi texnologiyalari, zamonaviy yondashuv va innovatsiyalari, ilgʻor yechimlar namoyish etilmoqda. Avstriya, AQSH, Afgʻoniston, BAA, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Daniya, Italiya, Fransiya, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston singari 30 ziyod davlat vakillari haftalik tadbirlarida qatnashyapti. Koʻrgazma maydonida 465 ta kompaniya va brend, 120 dan ortiq spiker, 1420 delegat jam boʻldi.

    Haftalik tadbirlari yonilgʻi-energetika sohasining ikki asosiy qismi — uglevodorod qazib olish va elektr energetikasi yoʻnalishlarini birlashtirdi. CAEx xalqaro koʻrgazmalar markazida bir vaqtning oʻzida “Oʻzbekiston neft va gazi — OGU–2025” 27-xalqaro koʻrgazmasi va anjumani hamda “Energetika, energiya tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari —

    Power Uzbekistan-2025” 18-xalqaro koʻrgazmasi oʻtkazilyapti. Qolaversa, haftalik dasturidan “Yashil” energiya tejovchi texnologiyalar — GETCA-2025 ixtisoslashtirilgan boʻlimi, 5-xalqaro energetika anjumani va boshqa yirik formatdagi tadbirlar joy olgan.

    Biznes uchrashuvlar, B2B va V2G shaklidagi muloqotlar uchun ham qulay maydon yaratilgan. Haftalik nazariya va amaliyot, innovatsiya va tajriba, sanoat va biznes vakillari oʻrtasidagi umumiy muloqotni taʼminlayotganini koʻrish mumkin.

    CAEx xalqaro koʻrgazmalar markazida har bir mamlakat pavilyoni alohida ajratilgan. Ularni bayroq yoki boshqa ramziy belgilari orqali darrov tanib olsa boʻladi. Stendlar joylashgan maydonchalarning har biri taqdim etilayotgan mahsulot va kompaniya haqidagi maʼlumotlar, koʻrgazma uchun namunalar, suhbat uchun alohida burchak bilan jihozlangan. Masalan, biror mahsulot notanish koʻrinsa, u haqidagi maʼlumotni bir necha tilda oʻqib, maʼlumotga ega boʻlish mumkin. Ishtirokchilar bilan til topishish ham unchalik qiyin emas, barchasining oldida tarjimon bor.

    Anʼanaviy usulga yangicha yondashuvlar

    Hayotimizni elektr energiyasisiz tasavvur qilish mushkul. Uyimizni yoritish alohida masala, ammo bugunga kelib biz foydalanadigan deyarli barcha texnik qurilmaning elektr energiyasi bilan ishlashi elektr energiyasiga ehtiyojimizni toʻlaqonli aks ettiradi. Xonadonimizdagi barcha maishiy texnika, ishxonadagi kompyuter va boshqa uskunalar, bank, savdo yoki boshqa xizmat koʻrsatish markazlaridagi toʻlov tizimi va apparatlari, xullas, duch keladiganimiz jamiki mexanik qurilmalar elektrlashtirib boʻlingan. Hatto suv joʻmraklari ham elektr toki yordamida ishlayapti. Uyda chiroq oʻchsa, suv ham oʻchadi.

    Energetika sohasi haqida gap borganida, avvalo, koʻz oldimizga yonilgʻi manbalari — neft, tabiiy gaz va boshqalar keladi. Chunki insoniyat uzoq yillar shu manbalardan foydalanib, elektr energiyasi ishlab chiqargan. Toʻgʻri, ulardan chiqadigan zararli gaz atmosfera uchun jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Ammo mamlakatlar faol intilayotgan “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish harakati toʻliq amalga oshmas ekan, anʼanaviy usulda elektr energiyasi ishlab chiqarishdan voz kechish haqida gapirish mushkul. Faqatgina ularning zararli taʼsirini kamaytirish uchun yangi yechimlar izlab topish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish lozim. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlari rivojida zararli omillarni kamaytirish, ishlab chiqarish jarayoniga ilgʻor uskunalarni joriy etish orqali atmosferani ifloslantiruvchi chiqindilar chiqishining oldini olish dolzarb masalaga aylangan.

    Oʻzbekiston energetika haftaligi doirasida oʻtayotgan “Oʻzbekiston neft va gazi — OGU” xalqaro koʻrgazmasida ana shunday ­texnologiyalar namoyish etilmoqda.

    — Ekologik meʼyorlarga javob berish talabi xalqaro standartlarning asosiy qismiga aylangani bejiz emas. Ishlab chiqarish korxonalari bu talabni bajarmay turib, bozordan oʻrin egallay olmaydi, — deydi Turkiyaning “Mimsan energy” kompaniyasi bosh direktori Tarik Yilmaz. — Kompaniyamiz, asosan, suv isitish va bugʻ qozonlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Zavod Anqarada joylashgan, 42 yildan beri faoliyat yuritmoqda. Biz ishlab chiqaradigan mahsulotlar turar joy majmualari, koʻp qavatli uylarga oʻrnatiladi. Bugʻ qozonlaridan esa koʻproq oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqaruvchi zavodlarda foydalanilmoqda. Ushbu uskunalar gaz va dizel yordamida ishlaydi. Ulardan chiqadigan zararli gazni kamaytirish uchun maxsus filtrlar oʻrnatilgan. Hatto koʻmirda ishlaydigan bugʻ qozonlarining moʻrisidan ham tutun chiqmaydi. Mana shu jihatlar bilan bozorda ustunlikka erishib kelyapmiz. Oʻzbekistonda ham xaridorimiz koʻp. Bu bozorga kirib kelganimizga 7-8 yil boʻldi. Shu kungacha rasmiy dilerimiz orqali Toshkent shahri, Andijon, Jizzax, Fargʻona, Toshkent viloyatlaridagi koʻp qavatli uylarga uskunalarimiz oʻrnatildi.

    “Yashil” kelajak sari

    Koʻrgazma maydonidagi har bir mahsulot oldiga borganda, uning muqobil energiya manbalari yordamida ishlash imkoniyati haqida surishtirdik. Chunki elektr energiyasidan foydalanishning mazkur tejamkor, arzon, xavfsiz, ekologik toza usuli allaqachon hayotimizga kirib kelib, ommalashmoqda. Iqtisodiyotning barcha tarmogʻida muqobil energetikani joriy etish koʻlami kengayib boryapti. Shunga yarasha mahsulotlar, yangi texnologiyalar taklif etilyapti. Bu bozorda ham raqobat ancha kuchaygan.

    Oʻzbekiston energetika haftaligi doirasida asosiy eʼtibor ham, muhokama va muloqotlar markazidagi masala ham, hatto koʻrgazma maydonidagi koʻp texnologiyalar “yashil” energiya bilan bogʻliq ekani boisi shunda. Jahonda tabiiy energetika manbalari tobora qisqarib borayotgani muqobil energiya manbalariga ehtiyojni oshirmoqda. Ekologiya va atrof-muhit muammolari ham xavfsiz, atmosfera uchun zararsiz energiya manbalariga oʻtishni taqozo etyapti. Ana shu zarurat keyingi yillarda dunyoda “yashil” energetika keskin rivojlanishi va yangi texnologiyalar yaratilishiga sabab boʻlmoqda. “Yashil” energiyani faol joriy etayotgan yetakchi davlatlar paydo boʻla boshladi. Ularning tajribasi boshqa mamlakatlarda ham targʻib etilyapti. Gigant kompaniyalar davlatlarning “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishdagi saʼy-harakatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda. Yaʼni dunyo hamjamiyati sayyoramizning “yashil” kelajagi uchun birlashyapti va bunda aynan muqobil energiya manbalariga oʻtish asosiy maqsadga aylangan.

    Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib mazkur harakatga qoʻshilgan va qisqa muddatda “yashil” taraqqiyot tomon yuz burib, megaloyihalarni amalga oshirayotgan davlat sifatida tilga olinmoqda. Bu yoʻldagi saʼy-harakatlar 2019-yildan boshlandi. Oʻsha vaqtda mazkur sohadagi ishlar borasida tasavvur ham yoʻq edi. Quyosh yoki shamoldan elektr energiyasi olish u yoqda tursin, buning uchun zarur stansiyalar qurishni aqlga sigʻdirishimiz qiyin boʻlgan. Chunki bu borada hech qanday tajribaga ega emas edik.

    Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qatʼiy qadamlar tashlanib, noldan yangi tarmoq paydo boʻldi. 2019-yil 4-oktyabrida Prezidentimizning “2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unda yaqin oʻn yilda mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmogʻida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan keng foydalanish koʻzda tutilgan. Bu koʻpchilikning nazdida faqat qogʻozda qoladigan ishlardek koʻringani ham rost. Ammo yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish faol harakatga aylandi. Asosiy eʼtibor ilgʻor davlatlar tajribasi va xorijiy investitsiyalarga qaratildi. Tez orada umumiy quvvati 20 ming 630 megavattga teng boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 40 ta bitim imzolandi.

    Koʻlam yildan yilga oshib boryapti. Masalan, 2023-yil dekabrida mamlakatimizda 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan boʻlsa, 2024-yil dekabrida qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvat ishga tushirilib, 6 ta loyiha qurilishiga start berildi. Yurtimizda 3,5 ming megavatt quvvatdagi 16 ta yirik “yashil” loyiha tarmoqqa elektr uzatishi hisobiga 2024-yilda “yashil” energiya ulushi 16 foizdan oshdi. Yaʼni ekologik toza energiya quvvati yiliga 2-3 karra koʻpaytirilyapti.

    Bunday shiddatli sharoitda 2026-yilga borib, Oʻzbekistonda umumiy quvvati 5000 megavatt, 2030-yilga borib esa 18 ming megavattdan ortiq boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari ish boshlashi reja qilingan. Mazkur “yashil” loyihalar ishga tushirilgach, 2030-yilga qadar yiliga 50 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati vujudga keladi. Bu ushbu davrga borib mamlakatimizda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 54 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga toʻgʻri keladi, degani. Loyihalar, avvalo, hududlarda energetika barqarorligini taʼminlash, olis manzillargacha uzluksiz elektr toki yetib borishi, sanoat rivojlanib, yangi quvvatlar, korxonalar ishga tushishiga xizmat qiladi. Qolaversa, har bir loyiha ortidan yuzlab, minglab inson ish bilan taʼminlanadi.

    Bugun mamlakatimizning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4067 megavatt boʻlgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 3 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Energetika vazirligining xabar berishicha, joriy yil 12-may holatiga koʻra, yurtimizdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yil boshidan buyon ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 3 milliard kilovatt-soatni tashkil qildi. Buning natijasida 900 million kub metr tabiiy gaz ­tejalishiga erishilib, atmosferaga 1 million 710 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid va 1710 tonna azot oksidi chiqishining oldi olindi.

    Hozir Oʻzbekiston “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishning shiddatli yoʻlida bormoqda. Dunyo hamjamiyati mamlakatimizning bu boradagi imkoniyatlari va saʼy-harakati haqida gapiryapti, yirik loyihalarni katta qiziqish bilan kuzatyapti. Kuzatibgina qolmay, hamkorlikka, investitsiya kiritishga intilmoqda. Jahonning yetakchi kompaniyalari, dunyoga mashhur energetika gigantlari mamlakatimizni ishonchli hamkor sifatida tanlayapti. Hatto Oʻzbekiston bugun “yashil” transformatsiya yoʻlida global darajada namuna sifatida tan olinmoqda. Buni shu yil 5-may kuni Italiyadagi dunyo moliyachilari jam boʻlgan yirik anjumanda chiqish qilgan Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda eʼtirof etdi.

    — Oʻzbekiston “yashil” energetikani xususiy investitsiyalar hisobiga rivojlantirayotgan muvaffaqiyatli va kompleks yondashuv namunasiga aylandi, — deydi M.Kanda. — Mamlakatda bu boradagi ishlar barcha bosqichni — byudjetni qoʻllab-quvvatlash, elektr energetikasi sohasini qayta qurish boʻyicha siyosiy chora-tadbirlar va quyosh energiyasi dasturiga asos solgan bosh reja kabilarni qamrab olgan. Osiyo taraqqiyot banki xususiy investitsiyalarni faollashtirish, loyihalarning iqtisodiy samaradorligini koʻrsatishda hamkor sifatida ishtirok etdi. Natijada Oʻzbekistonda xorij kapitalini jalb qilgan holda yangi quyosh energiyasi ­quvvatlari ishga tushirilmoqda. Loyihalarning aksariyatida energiya saqlash tizimi mavjud boʻlib, bu tarmoq barqarorligini taʼminlaydi. Hozir mamlakatda qiymati 4 milliard dollardan ortiq elektr energiyasini yetkazib berish bitimi moliyalashtirilgan yoki imzolangan. Oʻzbekiston energetika bozori endi dunyo darajasidagi ishlab chiqaruvchilarni jalb etmoqda.

    Jahondagi yirik moliyaviy tuzilmani boshqarayotgan Masato Kandaning mulohazalari shunchaki diplomatik lutf emas. Bu, eng avvalo, Oʻzbekiston Prezidentining energetika tizimini qayta qurishga qaratilgan saʼy-harakatlariga berilgan yuksak baho. Qolaversa, tarmoqdagi tarixiy islohotlarning global darajada tan olinishi, yurtimizning “yashil iqtisodiyot” sari qoʻygan qadamlarining amaldagi haqqoniy natijasidir. Zero, bugun Oʻzbekiston mintaqada “yashil” energetika xabiga aylanmoqda.

    Tajriba almashish maydoni

    Energetika sohasidagi eng ilgʻor texnologiya va innovatsiyalar namoyish etilayotgan haftalik doirasidagi “Energetika, energiya tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari — Power Uzbekistan-2025” 18-xalqaro koʻrgazmasi ushbu strategik ahamiyatga ega sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Unda taqdim etilayotgan innovatsiya va eng soʻnggi texnologik yechimlar muqobil energiya manbalarini qoʻllashning afzalliklarini yana bir karra koʻrsatadi. Bu borada har bir davlatning oʻz taklifi, yangi texnologiyalari mavjud. Ular koʻrgazmada ana shularni taqdim etish barobarida ishonchli hamkorlar topish niyatida.

    Masalan, turk kompaniyalari qatorasiga toʻrtinchi yil milliy pavilyon formatida ishtirok etmoqda. Xitoy kompaniyalarining ishtiroki ham anʼanaga aylangan. Stendlarni tomosha qilish asnosida koʻplab zamonaviy qurilmalar eʼtiborni tortadi. Ularga qarab turib, “yashil” energetika texnologiyalari qanchalik shiddat bilan rivojlanayotganiga amin boʻladi kishi.

    — Hozirgi quyosh panellari avvalgilaridan farq qiladi va yil sayin takomillashyapti, — deydi Xitoyning “Yuan Chan Solar” kompaniyasi rahbari Stivan Jian. — Kompaniyamiz 2006-yildan buyon quyosh paneli va inventarlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Zavodda 4 ta liniya mavjud boʻlib, 2024-yildan boshlab yangi turdagi quyosh panellari ishlab chiqarilyapti. Ular eskilaridan ichki quvvati yuqoriligi bilan farq qiladi. Koʻplab davlatlarning muqobil energiya manbalariga oʻtishi ortidan ushbu mahsulotga talab tobora oshib borayotir. Bunday uskunalar Oʻzbekiston uchun hali yangi boʻlishiga qaramay, davlat miqyosida uni keng ommalashtirish, turar joy va sanoat korxonalarida quyosh panellaridan foydalanishni kengaytirish jadallashgan. Shu bois, 2023-yilda Toshkent shahrida “EvaEnergy” nomi bilan korxona tashkil qildik. Bu yerda Xitoydagi zavodimizdan olib kelingan quyosh panellari sotilyapti. Katta-katta loyihalar uchun qurilma keltirib, oʻrnatib beramiz. Zavodimizda suv isitish uskunalari ham ishlab chiqariladi. Ular toʻliq quyosh paneli yordamida ishlaydi va suvni yozda 100, qishda 50-60 darajagacha isitib beradi.

    Energetika mahsulotlari sanoatida mahalliy ishlab chiqarish hissasi ham ancha oshgan. Hatto elektrotexnika sanoati yurtimiz iqtisodiyotining drayverlaridan biriga aylandi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari xorijniki bilan teng raqobatlashyapti. Milliy brendlarimizga jahon bozorida xaridor koʻp. Muqobil energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ham boshlangan.

    Energetika haftaligida mahalliy kompaniyalar ishtiroki yaqqol koʻzga tashlandi. Masalan, Toshkent shahridagi 18 yildan ortiq tajribaga ega “Nura Group” kompaniyasi podstansiya qurish va transformatorlar ishlab chiqarishda yetakchilardan. U Xitoy, Turkiya, Ukraina, Rossiya bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Yevropa davlatlari bilan savdo kelishuvlariga erishilyapti. Koʻrgazma davomida xorijliklar kompaniya mahsulotlariga qiziqish bildirdi. Boshqa kompaniyalar ham haftalik doirasidagi biznes uchrashuvlarda manfaatli kelishuvlarga erishmoqda. Hamkorlik aloqalari ikki tomonlama hujjatlarni imzolashda aks etyapti.

    Xalqaro koʻrgazmadan koʻzlangan maqsad faqat savdo aloqalarini oʻrnatishdan iborat emas. Bugun zamonaviy energetika sohasi qanchalik rivojlanmasin, sohada koʻzga tashlanayotgan muammolar ham bor. Haftalikdan joy olgan Oʻzbekiston xalqaro energetika forumida ayni shu masalalar oʻrtaga tashlanmoqda. Forumning uch kunlik kun tartibidan vazirlar va ekspertlar muloqoti, yalpi majlis, xalqaro ekspertlar ishtirokidagi panel va texnik sessiyalarda taklif etilayotgan ilgʻor yechimlar amaliyotga koʻchishi shubhasiz.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri