Barqaror rivojlanish sohasida yechimlarni ishlab chiqish tarmogʻi (SDSN) tomonidan virtual formatda tashkil etilgan “Inson salohiyatini ochish uchun innovatsion moliyaviy usullar va  harakatlar dasturlari” xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot uchun: Barqaror rivojlanish sohasida yechimlarni ishlab chiqish tarmogʻi (SDSN) 2012-yilda global ilmiy-texnik bilimlarni amaliy yechim va Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish uchun safarbar qilish maqsadida ishga tushirilgan.

Tadbirda rivojlanayotgan mamlakatlarning 2022-yilga moʻljallangan barqaror rivojlanishi toʻgʻrisidagi maʼruzalar, jumladan, Oʻzbekistonning BRMga erishishdagi yutuqlari taqdimoti namoyish etildi. Tadbirda Oʻzbekiston haqida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov maʼlumot taqdim etdi. Xalqaro konferensiyada 50 dan ortiq mamlakatlardan 100 ga yaqin ishtirokchilar qatnashdi.

Simona Marinesku, BMTning loyiha xizmatlari boʻyicha boshqarmasi (UNOPS) moliyalashtirish va rivojlanish boʻyicha katta maslahatchisi (SIDS) vebinariga moderatorlik qildi. U Oʻzbekiston yevroobligatsiyalar tufayli BRMga erishishdagi yutuqlarini qayd etdi.»Oʻzbekiston rivojlanayotgan mamlakatlar BRM obligatsiyalarini qanday amalga oshirish tajribasini oʻrganishi mumkin boʻlgan davlatning yana bir namunasidir. 2021-yilda Oʻzbekiston oʻz mintaqasida 235 million dollari (oʻzbek soʻmida nominallangan) boʻlgan BRM suveren obligatsiyalarini 3 yillik muddatga 14% kupon stavkasi bilan chiqargan mintaqadagi birinchi mamlakat boʻlib, investorlar va institutsional xaridorlarning mablagʻlarini milliy maqsadlarga erishishga yordam beradigan loyihalarni moliyalashtirishga jalb qildi.»

 Oʻzbekiston BRM obligatsiyalarini chiqarish tajribasi bilan oʻrtoqlashdi

 Oʻzbekiston mintaqada birinchilardan boʻlib Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun suveren obligatsiyalar chiqardi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov mamlakatimiz tomonidan chiqarilgan BRM obligatsiyalari barqaror rivojlanishga hissa qoʻshadigan loyihalarni moliyalashtirishga qanday yordam berishi haqida gapirib, Oʻzbekiston tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Qayd etilishicha, 2020-yil 19-noyabrda Oʻzbekistonning milliy valyutadagi birinchi xalqaro obligatsiyalarini muomalaga chiqarilishi natijasida 2 trln soʻm miqdorida mablagʻlar BRMlarni amalga oshirishga sarflangan. Xususan, kambagʻallikka qarshi kurashish, sogʻlom turmush tarzi va sifatli taʼlimni targʻib qilish, gender tengligini taʼminlashni jadallashtirish, toza ichimlik suvidan foydalanish uchun munosib mehnat sharoitlari va imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash va infratuzilma barqarorligini oshirish loyihalari uchun ajratilgan.

“Oʻzbekiston 2021-yilda 235 mln dollarlik BRM suveren obligatsiyalarini muomalaga chiqargan Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi va dunyodagi ikkinchi mamlakatga aylandi”, dedi Obid Hakimov. “Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, soʻnggi 5 yil ichida mamlakatimiz nafaqat BRM obligatsiyalarini chiqarish darajasiga yetdi, balki prinsipial jihatdan global moliya bozorining bir qismiga aylandi”.

Obid Hakimovning soʻzlariga koʻra, hisob-kitoblar shuni koʻrsatadiki, ushbu obligatsiyalarning  235 mln dollar miqdorida chiqarilishi bevosita va bilvosita 11 BRMga erishishga hissa qoʻshgan. “Agar ushbu obligatsiyalar sotuvidan tushgan mablagʻlarning taqsimlanishiga nazar tashlasak, 54%i jamoat transportini rivojlantirishga, 22%i sogʻliqni saqlashga, 17%i taʼlimga va 7% suv taʼminotiga sarflangan. Geografik taqsimot haqida toʻxtaladigan boʻlsak, ularning aksariyati Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, shuningdek, aholining katta qismi joylashgan Namangan, Andijon va Fargʻona viloyatlariga ajratilgan”, — deya taʼkidladi Hakimov.

Xulosa qilib aytganda, O. Hakimov Oʻzbekistonda barqarorlik va farovonlikka erishish uchun resurslarni safarbar etishga hissa qoʻshadigan suveren obligatsiyalar muhimligini taʼkidladi. “Shuni taʼkidlashni istardimki, BRM suveren obligatsiyalarining ahamiyati faqat rivojlanayotgan mamlakatlar uchun oʻsib boradi”, -deya qoʻshimcha qildi Markaz direktori.

Tadbirda BRMlarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar va idoralar hamda davlat organlari vakillari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.