Xususan, davlatimiz rahbari 2017-yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish gʻoyasini ilgari surib, unda yoshlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro standartlarni  belgilash zarurligini qayd etgan edi. Ushbu taklif BMT va boshqa qator xalqaro tuzilmalar, xorijiy davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2021-yili BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida Pandemiyaning yoshlar huquqlariga taʼsiri toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi oʻsha yildayoq qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi.

Davlatimiz rahbari xalqaro forum va nufuzli minbarlarda dunyo yoshlari masalalariga oid yangi-yangi tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Oʻtgan yili Toshkent shahrida yoshlar muammolari yechimiga bagʻishlab oʻtkazilgan ikkinchi global konferensiya, joriy yil mart oyida Boku shahrida boʻlib oʻtgan Qoʻshilmaslik harakati muloqot guruhi sammitida kelgusi yili Qoʻshilmaslik harakati yoshlar tarmogʻining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni koʻhna Samarqandda tashkil etish tashabbusini ilgari surgani fikrimiz tasdigʻidir.

AQSHning Nyu-York shahrida — BMT bosh qarorgohida 193 davlatning yoshlar siyosatiga masʼul vazirlik va idora rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan ECOSOS — 2023 yoshlar forumida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Gibrid formatda oʻtkaziladigan tadbirda mamlakatimiz vakillari 2018-yildan buyon qatnashib kelmoqda.

Mazkur forum yoshlarning BMTdagi siyosiy munozaralarga hissa qoʻshishi uchun asosiy platforma boʻlib, qatnashchilar oʻz faoliyatida duch kelayotgan muammolarga innovatsion yechim berish yuzasidan fikr almashadi. Yoshlarning taklif va gʻoyalari siyosiy muhokamalarni boyitadi. Barcha sohalarda ularning ishtirokini taʼminlash uchun hukumatlararo muhim uchrashuvlarni toʻldiradi.

Bu gal ECOSOC yoshlar forumining kun tartibida koronavirus pandemiyasidan keyingi tiklanishni tezlashtirish va barcha darajada barqaror rivojlanish strategiyalarini toʻliq amalga oshirishga urgʻu berildi. Forumdagi chiqishimizda mamlakatimizda qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ish bilan taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar, jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlarning haq-huquqlari kafolati mustahkamlangani, umuman, yurtimizda yoshlar bilan ishlash tajribasi xususida maʼlumot berdik.

Yurtimizda yoshlarga sifatli taʼlim berish, ularni kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu vazifalarni mahalla boʻgʻinidan boshlab tashkil etish boʻyicha vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Tizimni amaliyotga joriy etish maqsadida 9 ming 500 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor yoshlar yetakchilari tayinlandi. Bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyat yaratilib, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash yoʻlga qoʻyildi.

Jumladan, oʻtgan yilning oʻzida yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion soʻm kredit berilib, 150 mingta loyiha ishga tushirildi. Natijada 325 mingta ish oʻrni yaratildi. 43 ming gektar ekin maydoni ajratilib, 435 ming yigitqizning bandligi taʼminlandi. 32 mingdan ziyod yoshga subsidiya orqali uskuna, mehnat qurollari va kompyuter olib berildi.

2022-yilda 130 ming talabaga 1 trillion 700 milliard soʻm taʼlim krediti berildi. Shundan 85 ming xotin-qizga 1 trillion soʻmga yaqin foiz siz taʼlim krediti ajratilgan. Bugunga qadar magistraturada oʻqiyotgan 10 mingdan ortiq qizning oʻqishi uchun toʻlov-shartnoma puli davlat tomonidan toʻlab berildi. Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan 2 ming qiz, shuningdek, mutaxassisligi boʻyicha besh yillik mehnat stajiga ega boʻlgan 500 dan ortiq xotin-qiz har yili oliy oʻquv yurtlariga alohida kvota asosida qabul qilinmoqda. Bundan 6 yil avval OTMlarda 110 ming xotin-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozir qariyb 500 ming nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 83 ming ehtiyojmand talabaga kontrakt puli, 14 ming nafariga chet tillar boʻyicha imtihon xarajati toʻlab berildi. 81 ming talabaga uy-joy ijarasi toʻlovi ajratildi. “Yoshlar daftari” orqali 300 ming yigit-qizga qariyb 600 milliard soʻmlik koʻmak koʻrsatildi.

Yoshlarga yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlar xalqaro maydonda eʼtirof etilib, BMTda ham Oʻzbekiston yoshlarining fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglanmoqda. Tashkilot Bosh kotibi Antoniu  Guterrish yoshlar forumi ochilishida taʼkidlaganidek, butun dunyo barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishi uchun xalqaro hamjamiyat yoshlarning energiyasi, gʻoyalari va isteʼdodiga muhtoj.

“Dunyomiz sizga har qachongidan ham koʻproq muhtoj. Iqlim oʻzgarishidan mojarolargacha, qashshoqlik va tengsizlikdan Barqaror rivojlanish maqsadlarigacha. Yoshlar bilan yonma-yon bu muammolarni hal qilish yoʻllarini izlash ushbu forumdagi muhokamalarning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi”, dedi janob Guterrish.

ECOSOS yoshlar forumi murakkab global muammolar, jumladan, geosiyosiy keskinlik kuchayishi, iqlim inqirozi, qashshoqlik ortishi, inson huquqlari va asosiy erkinliklari poymol boʻlishi, shuningdek, inqirozdan bosqichma-bosqich, ammo notekis tiklanish fonida oʻtdi. Pandemiya va mojarolar dunyo boʻylab yoshlar hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Yoshlar ishsizligi eng yuqori darajaga yetdi. Dunyo boʻylab taʼlimda uzilishlar kuzatildi va ayrim davlatlarda hozirgacha shunday.

Forum doirasidagi plenar yigʻilishlar, davra suhbatlari va munozaralarda yoshlar muammolari, ular uchun yangi imkoniyat va qulayliklar yaratish, xususan, barqaror shaharlar va kommunikatsiya, toza suv, yashil energetika, innovatsiya, sanoat va infratuzilma masalalari koʻrib chiqildi. Bu nafaqat yosh avlod uchun, balki bevosita ularning ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar sifatida eʼtiborlidir.

Oʻzbekiston delegatsiyasi xalqaro doiradagi istiqbolli rejalar yuzasidan ishtirokchi davlatlar vakillari va AQSHdagi tashkilotlar bilan muzokaralar oʻtkazdi. Xususan, BMT Bosh kotibining yoshlar boʻyicha maxsus vakili Jayatma Vikramanayake bilan oʻtgan uchrashuvda BMTning Yoshlar strategiyasi — 2030 dasturi boʻyicha mamlakatimizda qilinishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Suhbat davomida Jayatmaxonim Oʻzbekistonning yoshlar bilan ishlash tajribasini dunyo hamjamiyati uchun yorqin namuna sifatida eʼtirof etdi. Muloqotda kelgusida BMT bilan keng doirada hamkorlik qilish boʻyicha kelishib olindi.

AQSH Davlat departamenti huzuridagi Global yoshlar masalalari byurosining yoshlar masalalari boʻyicha maxsus vakili, AQSH delegatsiyasi rahbari Abby Finkenauyer bilan muzokaralarda istiqbolli loyihalar yuzasidan hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishildi. Xususan, taʼlim yoʻnalishida ikki davlat yoshlari uchun imkoniyat yaratuvchi dastur va loyihalar tashkil etish boʻyicha rejalar muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni iqtisodiyot va rejalashtirish vazirining yoshlar masalasi boʻyicha maslahatchisi Othman Almoamar bilan esa ikki mamlakat hamkorligida yoshlarni iqtisodiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazishga kelishib olindi.

Asrimiz yakuniga qadar dunyoda yoshlar soni 3,5 milliarddan oshishi prognoz qilinmoqda. Bu esa yoshlar masalalari bilan bogʻliq muammolarga eʼtiborni yanada kuchaytirishni taqozo qiladi. Maqsadimiz nafaqat oʻzbek yoshlarining manfaatlarini himoya qilish, balki butun dunyoda yosh avlodning “Inson qadri uchun” tamoyili asosida farovon hayot kechirishini taʼminlashga hissa qoʻshishdan iborat. Bugun mamlakatimizdagi yoshlar siyosatining mazmun-mohiyati aynan mana shu ezgu maqsadga yoʻnaltirilgan.

Alisher SAʼDULLAYEV,

Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator.