Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari Oʼzbekiston florasining noyob vakili Moluccella bucharica (B. Fedtsch.) Ryding relikt va endemik turini Turlarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) Qizil roʼyxatiga “butunlay yoʼq boʼlib ketish arafasida” (“critically endangered”) maqomi ostida kiritgan.
Bu haqda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xabar bermoqda.
Taʼkidlash joizki, ushbu ish oʼzbekistonlik botanik olimlar tomonidan kamyob turlarni xalqaro qizil roʼyxatga kiritilishi boʼyicha dastlabki natija hisoblanadi, deyiladi xabarda.
Buxoro molusellasi dunyo boʼyicha faqatgina Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hududida oʼsishi aytilmoqda.
Xabarda aytilishicha, yarim asr davomida tur populyatsiyasi 79 foizga qisqarib ketgan. Bugungi kunda ushbu kamyob turning tabiatdagi umumiy soni 600 ga ham yetmaydi.
Olimlarning taʼkidlashicha, tur populyatsiyasining qisqarib ketishida kuchli antropogen taʼsir va ekologiyaning keskin oʼzgarib borayotganligi sabab boʼlmoqda.