Bu esa jamoat joylari hamda odamlar serqatnov tashkilotlarda kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori ekanini ko'rsatmoqda.
Avval xabar qilganimizdek, 16 iyun` sanasida yurtimizda koronavirus infektsiyasi tasdiqlangan 230 nafar bemorning 20 nafari aholi orasida aniqlangan bo'lsa, kecha 17 iyun` kuni esa 189 nafar bemordan 13 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma'lumotga ko'ra, umumiy kasallanish ko'rsatkichi ham, aholi orasida koronavirusga chalinish holati ham kishida xavotir uyg'otishi tabiiy.
17 iyun` kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko'radigan bo'lsak, Toshkent shahrida 5 nafar, Buxoro viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyatida ham 3 nafar, Surxondaryo viloyatida esa 2 nafarni tashkil etdi.
Jumladan, Toshkent shahri ichki ishlar tizimi tergovchisida, Mirobod tumanida yashovchi fuqaroda (ikkalasida ham tana harorati ko'tarilgan va tomoqda og'riq kuzatilganligi sababli o'zlari borib namuna topshirgan), “O'zbekiston havo yo'llari” AJning 2 nafar mutaxassisida (ishga chiqish uchun namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Xalq banki filiali xodimi va uning onasida, Sirdaryo viloyatidagi elektr stantsiyasi ishchisi va uning o'g'lida (tana harorati ko'tarilgan va Bekobod tumanidagi shifoxonaga yotqizilgan), CHirchiq tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati ko'tarilgan va tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), Buxoro viloyati ko'z kasalliklari shifoxonasining 3 nafar tibbiyot xodimida ham infektsiya aniqlangan.
Bugun ayni paytga qadar kasallik aniqlangan 15 nafar bemordan 9 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan. Jumladan, ular orasida Vazirlar Mahkamasining ikki nafar xodimida ham koronavirus infektsiyasi tasdiqlangan. Hozirda paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mazkur holatda, Sog'liqni saqlash vazirligi, takror bo'lsa-da, aholini har qadamda xushyor va ogoh bo'lishlarini, karantin va sanitariya qoidalariga qat'iy amal qilishlarini so'raydi.
Koronavirus infektsiyasi kutilmagan salbiy asoratlar va oqibatlarga olib kelishi, unga qarshi asosiy qalqonimiz, aynan, sanitariya va karantin qoidalariga so'zsiz amal qilish ekanini aslo unutmasligimiz kerak.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.