Maktubda ikki mamlakat xalqlari oʻrtasida asrlar davomida shakllangan va umumiy tarix, madaniyat, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan strategik sheriklik aloqalari soʻnggi paytlarda misli koʻrilmagan darajada faollashib borayotgani taʼkidlangan.

Birgina oʻtgan yilning oʻzida Oʻzbekiston va Hindiston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ham ikki tomonlama, ham xalqaro forum va tadbirlar doirasida olti marotaba uchrashuv oʻtkazdi. Bu esa ikki tomonning strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, hamkorlik koʻlamini tobora kengaytirish borasida intilishlarining yaqqol ifodasidir.

Abdulaziz Kamilov Oʻzbekiston va Hindistonning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlari barcha sohalarda, ikki xalq farovonligi yoʻlida rivojlanib, chuqurlashib borishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.