Tadbirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Hindiston paxta assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston va Hindistonning 70 ga yaqin turli kompaniyalari vakillari hamda ikki davlat elchilari ishtirok etdi.

Boʻlib oʻtgan tadbir Hindistonning etakchi ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda. Xususan, “BW Businessworld”, “Sarkaritel” nashrlari va “All India Radio” radiosi veb-sahifalari hamda qator elektron gazetalarda Oʻzbekiston elchisi maʻruzasi hamda tadbir mobaynida ishtirokchilar tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalar, bildirilgan takliflar aks ettirilgan qator maqolalar chop etildi.

Xususan, Hindistonning hukumat va korporativ sektorlar haqida maʻlumot beruvchi eng koʻp tashrif buyuriladigan veb-saytlaridan biri boʻlgan “Sarkaritel” elektron platformasi “Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov quyidagi bayonotni taqdim qildi” deb xabar bermoqda: “Oʻzbekiston zamonaviy raqobatbardosh dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ilgʻor texnologiyalarni, original dori vositalarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan zamonaviy laboratoriyalar va ilmiy markazlarni yaratishga hind investorlarini jalb qilishdan manfaatdor. Ishbilarmonlik hamkorligi orqali hind kompaniyalari 35 million aholiga ega boʻlgan Oʻzbekiston bozoriga hamda mamlakatning MDH davlatlari va Gruziya bilan erkin savdo shartnomalari orqali 300 million isteʻmolchiga ega bozorga kirish imkoniyatini qoʻlga kiritadi”.

“BW Businessworld” nashri oʻz maqolasida yozishicha, Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi Manish Prabhat ikki mamlakat investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi bitim ustida ish olib borayotgani, mintaqalar va viloyatlararo biznes imkoniyatlar ilgari surilayotganligi, xususan, Hindistonning Gujarat va Xarʻyana shtatlari hamda Oʻzbekistonning Andijon va Fargʻona viloyatlari oʻrtasida savdo va sarmoyaviy katta imkoniyatlar mavjudligi haqida gapirib oʻtdi.

“Dunyo” AA muxbirining qayd etishicha, hind ommaviy axborot vositalari Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi sheriklikning kengayishi nafaqat ikki davlat uchun, balki Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki berishiga alohida eʻtibor qaratmoqda.