Bugun respublika boʻylab baʼzi joylarda yomgʻir yogʻishi, faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchiliksiz ochiq havo boʻlishi prognoz qilinmoqda. Kunduzgi harorat 11-16 daraja iliqni tashkil etsa, shimoliy hududlarda 3-8 daraja iliq atrofida boʻladi.
Haftaning oʻrtalariga qadar iliq havo oqimi saqlanib qoladi: kechalari 5-10 daraja, kunduz kunlari esa 13-18 daraja iliq boʻlishi kutilmoqda.
Biroq togʻ oldi va togʻli hududlarda vaziyat birmuncha murakkab boʻlib, 2-3-fevral kunlari vaqti-vaqti bilan kuchli yogʻingarchilik kuzatilishi va qor koʻchishi xavfi yuzaga kelishi mumkin. Faqatgina 4-fevral kuni respublika boʻyicha qisqa muddatli yogʻingarchiliksiz tanaffus boʻlishi kutilmoqda.
Hafta oxiriga kelib ob-havo keskin oʻzgaradi. Juma, 6-fevral kunidan boshlab Qozogʻiston hududidan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi natijasida yomgʻir qorga aylanishi kutilmoqda.
Harorat foni sezilarli darajada pasayib, kunduzi ham, kechasi ham 1-6 daraja iliqni tashkil etadi. Shimoliy hududlarda esa qish nafasi yanada kuchayib, harorat kechasi 12 darajagacha, kunduzi esa 5 darajagacha sovuq boʻlishi mumkin.
Poytaxt Toshkentda ham hafta davomida oʻzgaruvchan ob-havo kuzatiladi. Bugun vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻib, shamol tezligi 15 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Juma kuniga borib yomgʻir qorga aylanishi va haroratning 1-6 daraja iliqqacha tushib ketishi kutilmoqda. Shuningdek, hafta davomida respublikaning baʼzi joylariga tuman tushishi ehtimoli bor.