Oʻzbekiston hududida YTHda jabrlangan shaxslarga yagona birinchi tibbiy yordam koʻrsatish tartibi joriy etiladi

    Bunda birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatish uchun transport vositasining salonida turishi shart boʻlgan zarur tibbiy ashyolardan foydalaniladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligining “Yoʻl-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatilishini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi buyrugʻi loyihasi eʼlon qilindi.

    Yoʻl-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam hodisa yuz bergan joyning oʻzida tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam (birinchi tibbiy yordam) koʻrsatish tartibi tasdiqlanmoqda.

    Ushbu buyruq tasdiqlangandan soʻng Oʻzbekiston hududida yoʻl-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga yagona birinchi tibbiy yordam koʻrsatish tartibi joriy etiladi.

    Buyruq loyihasiga ilova qilingan “Yoʻl transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatilishini tashkil etish tartibi”da birinchi tibbiy yordam koʻrsatiladigan holatlar va ushbu holatlarda tibbiy yordam koʻrsatish ketma-ketligi koʻrsatib oʻtilgan.

    Yoʻl-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam hodisa yuz bergan joyning oʻzida tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam (birinchi tibbiy yordam) koʻrsatishdan, shuningdek yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan joyda, davolash-profilaktika muassasasiga olib borilayotganda va davolash-profilaktika muassasasida malakali tibbiy yordam koʻrsatishdan iborat.

    Birlamchi shoshilinch yordam voqea joyida birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus tayyorgarligidan oʻtgan shaxslar tomonidan koʻrsatiladi. Bunda birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatish uchun transport vositasining salonida turishi shart boʻlgan zarur tibbiy ashyolardan foydalaniladi.

    Birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan quyidagi shaxslar kiradi:

    - ichki ishlar xodimlari;

    - harbiy xizmatchilar;

    - milliy gvardiya xodimlari;

    - favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari;

    - avtotransport haydovchilik guvohnomalari mavjud shaxslar.

    Birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatuvchi shaxs avval ushbu yordamni koʻrsatish uchun quyidagi sharoitlarni baholaydi:

    - shaxsiy hayoti yoki sogʻligiga tahdid qiluvchi omillarni aniqlash;

    - yordam koʻrsatiladigan shaxs hayoti yoki sogʻligʻiga tahdid qiluvchi omillarni aniqlash;

    - hayot yoki sogʻliqqa tahdid qiluvchi omillarni bartaraf etish;

    - jabrlangan shaxslar sonini aniqlash;

    - jabrlangan shaxs(lar)ni sogʻliq va hayotga xavfsiz joyga koʻchirish.

    Birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatuvchi shaxs jabrlanganning holatini quyidagi mezonlar bilan aniqlaydi:

    - hayotga xavf soluvchi qon ketishini aniqlash;

    - hushida ekanligini aniqlash;

    - nafas olayotganini aniqlash.