Davlat xizmatchisining sovgʼa olishi nega tartibga solinmoqda?

    Mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati tizimini tartibga solishga qaratilgan maxsus qonun qabul qilinishi natijasida Oʼzbekistonda ijro hokimiyati funktsiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati bilan bogʼliq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga solish imkoni yaratilmoqda.

    Shuningdek, bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatida korruptsion xavfni minimallashtirish maqsadida ishlab chiqilgan Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʼlgan sovgʼa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi toʼgʼrisidagi nizom loyihasi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda, elektron ommaviy axborot vositalarida turli notoʼgʼri talqinlar paydo boʼlmoqda.

    Аdliya vazirligi nizomdan koʼzlangan asosiy maqsad va bu yoʼnalishdagi xorij tajribasidan ayrimlariga izoh berdi:

    Birinchidan, bugungi kunda nafaqat Oʼzbekistonda, balki butun dunyoda davlat xizmatchilari tomonidan turli marosimlar, tadbirlar, uchrashuvlar davomida sovgʼalar berish va qabul qilish anʼanasi mavjud. Bu anʼana mehmondoʼstlik, ish yuritishda oʼzaro hurmat kabi qadriyatlar ustiga qurilgan. Nizom loyihasidan asosiy koʼzlangan maqsad esa davlat fuqarolik xizmatchilarining mana shu qadriyatlarini huquqiy tartibga solish, uning korruptsion xavfga aylanmasdan turib aniq chegaralarini belgilashdan iborat.

    Umuman olganda, nizom loyihasi orqali davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan olinishi mumkin boʼlgan sovgʼa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish talablari hamda aniq mezonlari belgilanadi.

    Ikkinchidan, nizom loyihasida sovgʼa qabul qilishning talablari, aniq miqdori belgilangan. Unga koʼra, davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan sovgʼalar faqat xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin. Umumiy qoidaga koʼra sovgʼaning qiymati BHMning 5 baravaridan koʼp boʼlishi mumkin emas.

    Ushbu normalardan anglashiladiki, davlat fuqarolik xizmatchilari fuqarolar yoki bevosita boshqa manfaatdor shaxslardan muayyan ishni hal qilib berish yoki kelgusidagi manfaatlar uchun sovgʼa olmaydi, bu qonunlar bilan taqiqlangan.

    Nizom loyihasi – davlat fuqarolik xizmatchilariga fuqarolardan sovgʼa olishiga ruxsat bermaydi!

    Uchinchidan, davlat fuqarolik xizmatchilarining sovgʼa olish masalasi bir qator rivojlangan davlatlar tomonidan huquqiy tartibga solingan, xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi qabul qilishi mumkin boʼlgan bir martalik sovgʼaning qiymati АQShda 20 dollar, yillik miqdori senatorlar uchun 350, kongressmenlar uchun 250 АQSh dollaridan oshmasligi lozim, Singapurda 50 singapur dollari, Buyuk Britaniyada 140 funt sterling (160 АQSh dollari), Frantsiyada 35 yevro (34 АQSh dollari), Rossiya Federatsiyasida 3 ming rublь (49 АQSh dollari) Gruziyada 150 lari (54 АQSh dollari) etib belgilangan.

    Mazkur nizom loyihasi davlat fuqarolik xizmatida korruptsiyaning oldini olish sohasida huquqiy bazani takomillashtirishga xizmat qiladi.

    "OАV, jurnalistlar va blogerlarni qonunchilik hujjatlari, ularning loyihalarini keng jamoatchilikka yetkazishda notoʼgʼri talqinga yoʼl qoʼymaslikka chaqiramiz", deyiladi xabarda.