Mazkur tadbir Birlashgan millatlar tashkilotining maxsus rezolyutsiyasiga muvofiq, 2009-yildan buyon har yilning 20-fevralda xalqaro hamjamiyatda “Butunjahon ijtimoiy adolat kuni” sifatida nishonlanishi munosabati tashkil etildi hamda mamlakatimizda mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish, sohaga xalqaro mehnat standartlarini joriy etish hamda mehnat qonunchiligini rivojlantirish yuzasidan yangi xulosa va takliflarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining yordamchisi, Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari X.Koller va qator xalqaro tashkilotlardan 100 dan ortiq soha boʻyicha mutaxassislar, xorij mamlakatlarining Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Oliy Majlis palatalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz soʻzida mamlakatimizda soʻnggi yillarda qatʼiy siyosiy iroda tufayli mehnat munosabatlari sohasida fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro hamkor tashkilotlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganini qayd etib oʻtdi.
— Maʼlumki, mamlakatimiz mehnat bozori mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan bozorlardan biridir. Ayni vaqtda tez oʻsib borayotgan ishchi kuchini bandligini taʼminlashda xususiy sektor muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, xalqaro mehnat standartlariga rioya qilish, ijtimoiy himoyani taʼminlash, ijtimoiy muloqotni mustahkamlash, gender tenglik va inklyuzivlikka erishish Oʻzbekiston uchun eng ustuvor yoʻnalishlardan hisoblanadi.
Bu borada kelgusida siz va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar bardavom boʻlishiga umid qilamiz. Hozirgi sharoitda ijtimoiy hamkorlikni, yaʼni hukumat, ish beruvchilar, ishchilar va fuqarolik jamiyati vakillarining faoliyatini yanada uygʻunlashtirish va hamjihatligini oshirish zarur.
Xodimlar va ish beruvchilar oʻrtasidagi, ayniqsa xususiy sektorda jamoaviy shartnoma munosabatlarini takomillashtirish boʻyicha yangi chora-tadbirlarni qabul qilish talab etiladi.
Qolaversa, oldimizda Mehnat inspeksiyasi faoliyatini yanada mustahkamlash, unga yangi vakolatlar berish vazifasi turibdi. Bandlikka koʻmaklashish markazlarini faol jalb etgan holda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha yangi chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur,— deb taʼkidladi Senat Raisi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish maqsad qilinayotgani, ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish ekanligini taʼkidlagan edi.
Konferensiyada bugungi kunda mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish, ijtimoiy adolatni taʼminlash, mehnat sohasida institutsional va huquqiy bazani takomillashtirish, sohaga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Xususan, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga koʻtarilib boryapti.
Bu jarayonda mehnat bozorining institutsional va huquqiy asoslarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega. Xususan, Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash, Kambagʻallikni qisqartirish va Bandlik vazirligi, Davlat mehnat inspeksiyasi, bandlikka koʻmaklashish markazlari, fuqarolik jamiyati institutlari muvaffaqiyatli faoliyat yurityapti.
Shuningdek, 2019-yildan boshlab Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda ushbu masalalar boʻyicha Milliy maʼruzachi instituti samarali faoliyat koʻrsatyapti.
Taʼkidlanganidek, Milliy komissiya soʻnggi yillarda mehnat munosabatlarini takomillashtirish, majburiy mehnatga barham berish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish yuzasidan xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda tizimli choralar ishlab chiqdi va aniq natijalarga erishildi. Xususan, Oʻzbekistonda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surishda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda 2021-yilda Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan yangi mamlakat dasturi qabul qilindi.
Dasturda sohani huquqiy tartibga solish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, norasmiy bandlikni qisqartirish kabi masalalariga alohida eʼtibor qaratilganligi qayd etildi.
– Bugun xalqaro hamjamiyat Oʻzbekistondagi islohotlarga yuqori baho beryapti, ayniqsa, bu borada mehnat tizimidagi oʻzgarishlar oʻzining natijadorligi bilan ajralib turadi, – deb taʼkidladi Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori X.Koller.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekistonda ijtimoiy adolatni ilgari surish, nogironligi boʻlgan shaxslarni hayotga moslashtirish, ularning bandligini taʼminlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda mehnatkashlar huquqini taʼminlashda erishilgan yutuqlar yuksak baholandi hamda ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro standartlar asosida shakllanganligi eʼtirof etildi.
Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori X.Koller, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha byurosi direktori O.Kulayeva hamda qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari va xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari tomonidan sohani takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi vakillarining fikrlari tinglandi.
Tadbirda 2022-yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumida majburiy mehnatning oldini olish boʻyicha oʻtkazilgan mustaqil monitoring natijalari xam eʼlon qilindi.
Ushbu monitoring Xalqaro mehnat tashkiloti metodologiyasi asosida fuqarolik jamiyati faollari tomonidan oʻtkazildi. Monitoring natijalari yigʻim-terim ishlarida majburiy mehnat va bolalar mehnati holatlari aniqlanmaganligini, shuningdek, unda ishtirok etganlarning 0,24 foizi majburiy mehnat asosida jalb etilgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi. Bu koʻrsatkich 2021-yilda 1 foizni, monitoring ishlari boshlangan 2015-yilda esa 14 foizni tashkil etgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish yuzasidan yangi qoʻshma choralar ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.