Ilmiy salohiyatga oid barcha ma'lumotlarni o'z ichiga olgan “Milliy ilmiy portal” taqdimoti o'tkazildi

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan O'zbekistonda ilk bora ishlab chiqilgan mamlakatning ilmiy salohiyatiga oid barcha ma'lumotlarni o'z ichiga olgan “Milliy ilmiy portal” taqdimoti bo'lib o'tdi.

    Ilmiy salohiyatga oid barcha ma'lumotlarni o'z ichiga olgan “Milliy ilmiy portal” O'zbekiston Respublikasi Innovatsion vazirligining ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida moliyalashtirilgan bo'lib, mamlakatimiz olimlari va tadqiqotchilari,shuningdek, keng jamoatchilik vakillarini ilm-fan sohasiga birlashtirish maqsadida ishlab chiqildi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida “Mamlakatning ilmiy salohiyatiga oid barcha ma'lumotlarni o'z ichiga olgan Milliy ilmiy portal”ni yaratish topshirig'i belgilangan. Mazkur topshiriqning ijrosi yuzasidan Milliy ilmiy portal http://nsp.gov.uz/ domeni ostida ishga tushirildi.

    Milliy ilmiy portalda loyihalar tanlovi, olimlar uchun modul(doktorantura, noshirlik faoliyati, ilmiy stajirovkalar, xalqaro grantlar, dasturlar), dayjest va tahliliy ma'lumotnomalar, 450 ga yaqin mahalliy va xorijiy konferentsiyalar, 15 ga yaqin xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar bilan tuzilgan memorandumlar,dissertatsiyalar reestri, 174 ga yaqin intellektual mulk ob'ekti byulletenlari bazasi, shuningdek, ilmiy ishlanmalar va innovatsion g'oyalarni tijoratlashtirish modulida 143 ta natijador loyihalar to'g'risidagi ma'lumotlar bazasini o'z ichiga oladi.