Oʻzbekiston innovatsion tizimini modernizatsiya qilishga 50 mln dollar ajratiladi

    Fan 8 Aprel 2021 1023

    Vazirlar Mahkamasi tomonidan 3.04.2021-yildagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 172-son qaror qabul qilindi, deb yozadi Norma mutaxassisi.

    Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha loyihani moliyalashtirish uchun Jahon banki tomonidan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 50 mln AQSH dollari ekvivalentida krediti ajratilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Loyiha 2021–2026-yillarda amalga oshiriladi, bunda kredit 30 yil muddatga, 5 yil imtiyozli davr bilan beriladi.

    Loyihani amalga oshirish guruhini tashkil qilish, zarur asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash hamda xorijiy konsultantlarni jalb qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi va Jahon banki oʻrtasida alohida imzolanadigan Boʻnak kelishuvi doirasida 1 924 ming AQSH dollari ekvivalentida qarz ajratildi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi loyihaning oʻz vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, shuningdek Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul hisoblanadi.

    Kredit mablagʻlari biotexnologiyalarni rivojlantirish, tuproq unumdorligini oshirish, sunʼiy intellektni joriy etish, qayta tiklanuvchi energetika, chorvachilik va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga oid loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

    XTU tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat koʻrsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

    “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha quyidagilar tasdiqlandi:

    • loyihaning asosiy parametrlari;
    • loyiha mablagʻlaridan foydalanish sxemasi;
    • Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat koʻrsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 3.04.2021-yildan kuchga kirdi.